Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Erdo‘g‘on Anqarada sodir etilgan teraktga munosabat bildirdi

Erdo‘g‘on Anqarada sodir etilgan teraktga munosabat bildirdi

Turkiyada tinchlik va barqarorlikni izdan chiqarishni qasd qilgan terrorchilar o‘z maqsadiga erisha olmaydi. Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Turkiya parlamentining kuzgi sessiyalari ochilishidagi nutqida Anqarada sodir etilgan teraktga shunday munosabat bildirgan.

Siyosatchi Turkiya ichki ishlar vazirligi binosi ostonasida amalga oshirilgan qo‘poruvchilikni «terrorchilarning so‘nggi talvasasi» deb atagan. U, ayni choqda, FETÖ va boshqa shu kabi terror to‘dalarining Turkiyada qayta jonlanishiga yo‘l qo‘yilmasligini urg‘ulagan.

Erdo‘g‘on Turkiyaga g‘animlik qilganlar hech qachon foyda ko‘rmasligini ham ta’kidlagan.

«Qorabog‘dan Liviyaga qadar, Suriyadan Somaliga qadar – barcha birodarlarimiz Turkiyaning do‘stligi qanchalar qadrli va muhim ekanini yaxshi bilishadi. Turkiyaga nisbatan dushmanlarcha siyosat yuritib, pirovardida bundan foyda ko‘rgan mamlakat, jamiyat yoki tuzilma yo‘q», – degan Erdo‘g‘on.

Avval xabar berganimizdek, 1 oktyabr kuni Turkiya ichki ishlar vazirligi binosi yaqinida terakt sodir etildi. Vazirlik qo‘riqlash bosh boshqarmasining kirish eshigi yaqinida bir terrorchi o‘zini portlatgan, ikkinchisi esa zararsizlantirilgan. Oqibatda ikki politsiyachi yengil jarohat olgan.

Jangarilar Qaysari shahrida mahalliy shifokorni o‘ldirib, uning mashinasida poytaxt Anqaraga kelgan.

Ichki ishlar vazirligi hujumni sodir etgan shaxslardan biri Kurdiston ishchi partiyasi (PKK) terror tashkiloti a’zosi ekani haqida ma’lumot bergan.

Kurdiston ishchi partiyasi Turkiya hududida qonli qo‘poruvchilik harakatlarini sodir etgan. Tuzilma nafaqat Turkiya, balki AQSh va Yevropa Ittifoqida ham terror tashkilotlari ro‘yxatiga kiritilgan.

2022 yil 13 noyabr kuni Istanbulning Istiqlol ko‘chasida uyushtirilgan terakt oqibatida 6 kishi vafot etgan, 81 kishi jarohatlangan. Turkiya huquq-tartibot idoralari terakt PYD (Kurdiston ishchi partiyasining Suriyadagi sho‘’basi) tomonidan uyushtirilganini aytgan.

Anqaradagi noxush hodisa ortidan Turkiya mudofaa vazirligi Iroq shimolidagi terrorchilarga qarshi havo operatsiyasi o‘tkazgan. Havo hujumlarida terror tashkilotining yuqori martabali a’zolari yashiringani aytilgan g‘or, boshpana, bunker va omborlardan iborat jami 20 ta ob’yekt yo‘q qilingan. Vazirlik «terrorga qarshi kurash bitta ham terrorchi qolmagunicha davom etishi»ni bildirgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring