Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Emmanuel Makron davlat tashrifi bilan Xitoyga bordi. Maqsad jiddiy

Emmanuel Makron davlat tashrifi bilan Xitoyga bordi. Maqsad jiddiy

Kecha, 5 aprel kuni Fransiya prezidenti Emmanuel Makron davlat tashrifi bilan Xitoyga keldi. Bu haqda RIA Novosti xabar bermoqda.

Fransiya rahbarining samolyoti Pekin vaqti bilan kunning ikkinchi yarmida Xitoy poytaxtidagi aeroportga qo‘ndi. Makronning Xitoyga davlat tashrifi uch kun davom etadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Emmanuel Makron safarni Xitoy rahbari uchun shaxsiy ahamiyatga ega bo‘lgan shahardan boshlaydi. Shuningdek, uning Pekin va Xitoy janubidagi Guanchjou shahriga tashrif buyurishi ham aytilmoqda.

Ushbu safarga Emmanuel Makron o‘zi bilan Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayenni olib kelgan. U Fransiya va Xitoy rahbarlari o‘rtasidagi uch tomonlama uchrashuvda ishtirok etadi.

Xitoyga safari oldidan Emmanuel Makron Xitoy rahbari Si Szinpinni Rossiya yetakchisi Vladimir Putin bilan yaqinlashishdan qaytarmoqchi ekanligini ma’lum qilgan edi. Fransiya prezidenti Si Szinpin bilan yopiq eshiklar ortida bir necha soat muzokaralar olib borishi kutilmoqda.

Fransiya rahbari Xitoy hukumatini Ukraina inqirozini hal qilishda vositachilik missiyasiga jalb qilmoqchi. Biroq Yevropa davlatlari va AQSh vakillari siyosatchining tashrifi muvaffaqiyatli o‘tishiga shubha bildirmoqda.

Avvalroq, rasmiy Parij Xitoy rasmiylari bilan aloqalarni tiklash vaqti kelgani va tomonlar global muammolar bo‘yicha muloqotga yangicha sur’atda kirishmoqchi ekanligini ta’kidlagan edi.

Xitoy TIV ma’lumotlariga ko‘ra, Makron Xitoy Bosh vaziri Li Syan va Butunxitoy xalq vakillari kengashi doimiy qo‘mitasi raisi Chjao Leji bilan alohida uchrashuvlar o‘tkazadi.

Ma’lumot o‘rnida, Makron va Si Szinpin oxirgi marta 2022 yilning noyabr oyida Indoneziyadagi G20 sammiti doirasida uchrashgan. Fransiya prezidentining Xitoyga so‘nggi tashrifi 2019 yilda bo‘lib o‘tgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring