Egizaklar tug‘ilishi ko‘paydi
Olimlar dunyo miqyosida egizaklar tug‘ilishi rekord darajada ko‘payganini ma’lum qilishdi. «Ridus» yozishicha, 1980-yillardan beri hozirgacha har 1000 nafar chaqaloqqa to‘g‘ri keladigan egizaklar soni 9 nafardan 12 nafarga oshgan.
«Hozir sayyoramizda tug‘ilayotgan har 42-chaqaloq egizak(lardan biri). Har yili esa o‘rtacha 1,6 millionta tug‘uruq holatida egizaklar (ikki va undan ortiq) dunyoga kelmoqda», — ta’kidladi ushbu tadqiqotni o‘tkazgan Oksford universitetining professori Kristian Monden.
Tadqiqot davomida sayyoramizning 99 foiz aholisi yashovchi 165 mamlakatdan 2010—2015-yillarda egizaklar tug‘ilishi bo‘yicha ma’lumotlar to‘planib, o‘rganilgan. Qolaversa, egizaklar tug‘ilishi bo‘yicha 112 mamlakatga oid 1980—1985-yillardagi ma’lumotlar tahlil qilingan.
Egizaklar qayerda ko‘p?
Aniqlanishicha, egizaklar tug‘ilish ko‘rsatkichlari hammadan ko‘p Shimoliy Amerika (80-yillarga nisbatan o‘sish — 71 foiz), Yevropa (60 foiz) va Osiyo (32 foiz)da o‘sgan.
Tadqiqotchilar ayni holatni, birinchi navbatda, bepushtlikka qarshi kurashishda qo‘llanadigan gormonal terapiya, sun’iy urug‘lantirish kabi yangicha davolash usullari rivojlanib ketgani bilan izohlashmoqda.
Tadqiqotchilar egizaklar tug‘ilishiga yana bir sabab sifatida ayollarning farzand ko‘rish qaroriga kech kelayotganini ham ko‘rsatishgan: ayol organizmida yosh o‘tishi bilan yuz bergan gormonal o‘zgarishlar ikki va uch nafardan egizaklar tug‘ilishi ehtimolini oshiradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter