Dunyodagi eng adolatli sudya va uning qoyilmaqom hukmlari
Ishonavering, xuddi shunday: u – dunyo miqyosidagi eng odil sudya! Adolati shundaki, bu janob hamisha sudlanuvchining imkoniyatlaridan kelib chiqadi. Uni javobgarlikka tortishni emas, balki qonun iskanjasidan ozod qilishga harakat qiladi. Moddiy imkoniyatlarini hisobga oladi. Jarima to‘lashiga mumkin qadar yo‘l qo‘ymaydi, juda bo‘lmasa kamaytiradi. Yaqinda u o‘zbek hamyurtimizni ham sud qildi va 10 ta qoidabuzarlikdan faqat bittasi bo‘yicha hukm chiqardi.
Xo‘sh, dunyodagi bu eng odil sudya kim o‘zi?
Ota sabog‘i
«Providensda ushlangan»: millionlarning sevimlisi Frenk Kaprio – Amerika shaharlaridan birining sudyasi – dunyodagi eng adolatli sudya! Uning o‘ziga xosligi shundaki, ko‘pincha sudlanuvchining farzandlaridan qaror chiqarishga yordam so‘raydi, jarimalar miqdorini kamaytiradi va ma’muriy javobgarliklardan ozod qiladi. Kaprio raislik qiladigan sud majlislari videoga olinadi va butun dunyo bo‘ylab millionlab tomoshabin yig‘adi.
Frenk Kaprio – Providens (Rod-Aylend shtati) munitsipal bosh sudyasi. U mayda jinoyatlar va yo‘l harakati qoidalari buzilishiga oid ishlarni ko‘rib chiqadi. Kaprio raisligidagi sud jarayonlari 20 yildan ziyod vaqt mobaynida mahalliy televideniye orqali namoyish etilgan. Uning ukasi roliklarni YouTube platformasiga qo‘ygach, o‘tkir virus kabi tarqalib ketdi. 2018-yilning 24-sentyabridan «Providensda ushlangan» AVS6 kanali orqali Amerika bo‘ylab ko‘rsatila boshlandi. Mazkur shouni 100 milliondan ko‘p tomoshabin ko‘rdi. Unda aktyorlar va sahnalashtirilgan hukmlar yo‘q: hammasi rosmanasiga ro‘y beradi.
Francheska (Frenk) Kaprio 1936-yil 23-noyabrda Providensda Antonio va Filomena Kapriolar oilasida tug‘ilgan. Uning otasi italiyalik muhojir, onasi amerikalik edi. Kaprio Markaziy o‘rta maktabni bitirdi, idish-tovoq yuvuvchi va poyafzal tozalovchi bo‘lib ishladi.
– Mening ota-onam farzandlari jamiyatda muvaffaqiyat qozonishini va yaxshi, intizomli, halol insonlar bo‘lishini orzu qilishardi, – deb eslaydi Kaprio. – Otam sut sotuvchi edi. U erta tongda, soat to‘rtda men va ukamni uyg‘otar, biz yuk mashinasiga sut ortib ketishimiz kerak edi. Otam doimiy ravishda bizga shunday deb ta’kidlardi: «Agar sizlar hayotingizning qolgan qismida bu ishni qilishni xohlamasangiz, kollejga kirish yo‘lini qidiring, chunki men sizlarga bunday imkoniyatni berolmayman».
Antonio Kaprio Fracheskaga yana shunday degan edi: «Sen voyaga yetsang, yurist bo‘lasan. Biroq qanday sharoitda o‘sganingni unutma. Agar hozir bizga yurist kerak bo‘lganida qurbimiz yetmasdi. Kambag‘allardan hech qachon pul olma, boylardan pul ishlashga esa ulgurasan».
Sudya avtomat emas!
Frenk Kaprio nafaqat huquqshunoslikka o‘qidi, balki huquq doktori larajasini ham oldi. U 1985 yildan buyon munitsipal sudya bo‘lib ishlaydi. Uylangan, besh nafar farzandi, yetti nevarasi va ikki evarasi bor.
Kaprioni dunyodagi eng adolatli sudya hisoblashlari bejiz emas: u jarimalar miqdorini pasaytirishdan tashqari odamlarni mutlaqo jazosiz qo‘yib yuboradi.
– Xo‘p, ayol svetoforning qizil chirog‘ida o‘tib ketibdi. Hozir uning hayotida shunchalik muammolari ko‘pki, agar jarima solinsa, uni baxtsiz qiladi va kechqurun bolalariga hech nima yedira olmaydi. Kimdir aytishi mumkin: «Qonun qonunday bo‘lsin. Jarima!» deb. Ammo hammasi shunchalik oddiy bo‘lsa, sudyalarning nima keragi bor? Yuragi yo‘q avtomat: «Aybdor, aybdor emas» degan bo‘lardi». Sudda insoniy qadr-qimmat muhim, – deydi Kaprio bir intervyusida.
Kaprio shousining muvaffaqiyati shundaki, u «insoniy davlat»ni namoyish etadi. Bu esa nafaqat amerikaliklarga, balki butun dunyo tomoshabinlariga yoqadi. Hamdard bo‘lish va tushunishni televideniye orqali ko‘rish yoqimli. Axir bunday yondashuv hozirgi kunda judayam noyob.
Uch norasidaning onasi
Ba’zilar Kaprioni ortiqcha muloyimlikda ayblashadi, odamlar bundan foydalanar emish! Biroq sudya shunday javob beradi:
– Mendan foydalanishmaydi, ishoning. Kamina butun umr ishchilar sinfi bilan o‘zaro bog‘langanman. Men gazeta tarqatuvchi bo‘lganman, poayfzal tozalaganman, otamga sut yetkazishiga yordamlashganman. Bu odamlarni bilaman, hech kim mendan foydalanmaydi. Biroq shunday o‘ylayman: agar men davlat foydasiga xato qilsam va sudlanuvchidan to‘lashga qurbi yetadigan miqdordan ko‘p pul olsam, bu uni sindiradi, men uchun esa uyat-nomus. Davlat hokimiyati alohida inson hokimiyati bilan mutlaqo mutanosib emas. Va, agar kamina o‘z sudimning vakolatini oshirib yuborsam va bir insonni umrining oxirigacha sindirgan bo‘lsam, tfu menga! Xato qilish boshqa tomonga bo‘lishi kerak. Moliyaviy jihatdan shahar hokimiyati zarar ko‘rsin... Men daromadlarni oshirish bo‘limi xodimi emas, balki sudyaman».
Avtomobilini noto‘g‘ri qo‘ygani uchun Vetnam urushi faxriysiga 100 dollar miqdorida jarima xavf solardi. U vrach huzuriga shoshilgani bois shunday qilganini tushuntirdi. Frenk faxriyga mamlakat uchun ko‘rsatgan xizmatlari bois, bu jarimani to‘lamasligi kerakligini aytdi. Nima sababdan shunday hukm chiqarganini Vetnamda faxriylarga qanday munosabatda bo‘lishlarini tushuntirib, izoh berdi.
Yuqoridagi intervyusida Frenk Kaprio yana shunday degan.
– Uch bolali ayolning ishi ko‘rilmoqda. Unga birgina nigoh tashlab, pullar bilan bog‘liq muammosi borligini anglab yetish mumkin. Bolalar falajlangan: ularni dub qoplamali sud zaliga olib kelishgan, yon-atrofda bayroqlar, egniga rido kiygan sudya kirganida hamma o‘rnidan turadi, zalda qurollangan qo‘riqchilar... Bu bolalarni qo‘rqitib yuborishi mumkin. Shunchasi yetmaganday, men ularning onasiga: «Siz farzandlaringizga qanday o‘rnak bo‘lyapsiz? Dahshat bu!» desam, nimani his qilishadi? Keyin esa eng katta jarima yozib beraman. Bu shunday yakun topadi: jarima to‘lash uchun ayolning puli yo‘q, haydovchilik guvohnomasini olib qo‘yishadi. U mashinani hujjatsiz haydashda davom etadi, chunki bolalarini anchadan beri olib yuradi, Hujjatsiz ikki marta ushlaydilar. Jinoiy ish ochiladi va 10 kunga qamab qo‘yishadi. Xo‘sh, bolalar sud va davlat apparati haqida nima deb o‘ylashadi? Shafqatsiz, noinsof, onalarini xafa qilgan va ularning og‘ir hayoti bilan ishi yo‘q, deb emasmi?
Frenk Kaprio ana shunaqa sudya. Uning ishlarini, chiqargan hukmlarini o‘zbek hamkasblari ham ko‘rishsa yaxshi bo‘lardi. O‘shanda tashkilotlar, nashriyotlar, saytlar boshiga solayotgan millionlab, milliardlab so‘m jarimalari borasida o‘ylab ko‘risharmidi?
O‘zi bizda xalq tan olgan adolatli sudyalar bormikan? Bilmadim, bilolmadim...
Akbar Fathullayev
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter