Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Dovulmi yo dengiz qamali? Venesuela qirg‘oqlariga AQShning 8 ta kemasi yaqinlashdi

Dovulmi yo dengiz qamali? Venesuela qirg‘oqlariga AQShning 8 ta kemasi yaqinlashdi

«Operativ liniya» illyustratsiyasi

AQShning qirg‘oq mudofaasi ixtiyoridagi turli toifadagi 8 ta kema bugun, 30-avgust kuni Venesuela sohillariga yaqin ko‘rfazda to‘plandi. Ular bilan izma-iz «USNS Comfort» gospital kemasi ham yetib keldi, deb yozmoqda «EurAsia Daily». Ekspertlarning nazarida, agarda mintaqada bironta «insonparvarlik missiyasi» rejalashtirilmagan bo‘lsa, amerikaliklar Venesuelani dengizdan qamal qilishga kirishgan bo‘lishlari ehtimoldan yiroq emas. Ammo boshqa sabab ham bor...

Voqealar rivojidan shu xulosa chiqadi-da: kechagina, 29-avgust kuni AQShning Venesuela bo‘yicha maxsus vakili Elliott Abrams jurnalistlarga Venesuelaning amaldagi prezidenti Nikolas Maduro o‘z ixtiyori bilan iste’foga chiqmoqchi emasligini ma’lum qildi: «Afsuski, men Maduroning iste’foga ketishini dalillovchi biron narsa ko‘rmayapman».

Elliott Abrams. Foto: «InoSMI»

Abrams aytdiki, Oq uy yaqin oylarda Yevropa ittifoqi ham Venesuelaga qarshi sanksiyalar kiritishidan juda umidvor, shuning barobarida Qo‘shma Shtatlarning o‘zi Karakasga bosimni yanada kuchaytiradi.

Maduro hukumati hozir «Rosneft» (Rossiya davlat korporatsiyasi)ning moliyaviy madadiga tayanib qolgan. Abramsning ta’kidlashicha, ayni paytda Venesuela neftini sotib olish va qayta sotish bo‘yicha «Rosneft» operatsiyalari AQSh sanksiyalarini buzish hisoblanmaydi.

«Operativ liniya» yozishicha, Amerikaning «dovul ovlovchilari» — «WP-3D», «Golfstream-IV» hamda «WC-130» samolyotlari tobora kuch yig‘ayotgan «Dorian» dovuli sur’atini o‘rganish uchun Janubiy Amerika qirg‘oqbo‘yi hududlarini faol monitoring qilish bilan band.

«Vaziyatdan foydalanib, «biz dovuldan qo‘rqdik» niqobi ostida birvarakayiga sakkizta Amerika qirg‘oqbo‘yi mudofaasi kemasi Kyurasao oroli (Karib dengizi janubida, Venesuelaga yaqin joylashgan) ko‘rfaziga kirib oldi, ularning ortidan AQSh Harbiy-dengiz kuchlarining gospital kemasi langar tashladi, deb yozishmoqda operativ liniyachilar. Ularning fikricha, voqealarning bunday rivoji yo dengiz qamali boshlanayotganidan yoinki mintaqada allaqanday «insonparvarlik missiyasi» o‘tkazilayotganidan dalolat beradi.

«AQSh Harbiy-havo kuchlari zudlik bilan ularni «har ehtimolga qarshi» havodan qo‘llashga yetib kelganiga-ku, endi to‘xtalib ham o‘tirmaymiz», — qo‘shimcha qilinadi «Operativ liniya» xabarida.

Nikolas Maduro uning ruxsati bilan venesuelalik amaldorlar bir necha oylardan beri AQSh vakillari bilan muzokara o‘tkazib kelayotganini o‘tgan hafta ma’lum qilgandi.

Dovulga qaytadigan bo‘lsak, u Barbados tomondan kelyapti, ushbu mintaqada joylashgan mamlakatlar hukumatlari aholini ogoh bo‘lishga va fuqaro mudofaasi kuchlari ko‘rsatmalariga rioya etishga chaqirgan.

Ayni shu tabiiy ofatni deb AQSh prezidenti Polshaga tashrifini qoldirib, dovul chog‘i barcha xizmatlarni shaxsan nazorat qilishini bildirgandi. Kelayotgan dam olish kunlari «Dorian» Florida shtatining markaziy qismiga yopirilishi kutilmoqda. Sinoptiklarning xabarlariga ko‘ra, AQShning atlantik sohillariga dushanba, 2-sentyabr kuni, 4-darajagachaga xavflilikda yetib boradi.

Kuzatamiz, bu dovulmi yo dengiz qamalimi — voqealar rivoji ko‘rsatadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring