Dima Qayumlarga yo‘l ochib bering!
Fransiyada Kolyush degan odam o‘tgan. U odamni Fransiyaning Hojiboy Tojiboyevi desa ham bo‘ladi. U o‘zining ichakuzdi hangomalari bilan fransuzlarning qalbidan mangu joy olgan. O‘zbeklar gap orasida Hojiboydan iqtiboslar keltirsa fransuzlar odatda Kolyuщdan misol keltiradilar.
Kolyush qiziqchilikdan tashqari aktyorlik va ba’zan jurnalistlik ham qilgan. U xalqqa yaqin san’atkor bo‘lgani sababli borgan sari xalqning dardiga ta’sirchan bo‘lib boradi. Bir tomondan o‘z chiqishlarida ijtimoiy va maishiy kulgi orqali xalqning dardini olib chiqqan bo‘lsa, boshqa tomondan u Fransiyadagi iqtisodiy va ijtimoiy muammolarga qarshi ochiqdan-ochiq kurashga kirishadi. Men hozir uning san’ati yoki siyosiy kurashlari haqida yozmoqchi emasman. Bu gaplar faqat Kolyushning kim ekanligini tushunib olish uchun edi. Men Kolyushning qisqa umrida amalga oshirib ketgan buyuk bir ishi haqida yozmoqchiman...
Kolyush kambag‘allar va xalqning dardini gapirgani bilan uning o‘zi juda yaxshi pul topgan. Bir kuni topgan daromadlari uchun to‘lashi kerak bo‘lgan 3 million frank pul uchun chekka qo‘l qo‘ya turib u shunday deydi: «Tasavvur qilayapsanmi, agar men kabi puli ko‘plarning barchasi xuddi mana shuncha pulni beradigan bo‘lsak, muammolar hal bo‘lib ketgan bo‘lardi». Shunda uning oshpazi Anita unga bir ovqat 15 frank turishini aytadi va Kolyush hisoblab ko‘rib, bitta o‘zi to‘lagan soliqning puliga 200 000 ta ovqat hadya qilish mumkin ekanligini tushunib yetadi.
1983-yilda Daniyel Balavuan degan san’atkor radio orqali kulgiga olib, hukumatni va supermarketlar boshliqlarini «Oziq-ovqatlar banki» tashkil qilishga chaqiradi. Lekin radio unchalik mashhur bo‘lmagani uchun bu g‘oyaga hech kim e’tibor bermaydi.
Oradan ikki yil o‘tib, mazkur g‘oyani Kolyush qayta jonlantiradi va birinchi donator Daniyel Balavuanning o‘zi buladi. Kolyush «Iste’molchilar jamiyatida»dagi isrofgarchiliklarni tanqid qilib shunday deydi:
— Oziq-ovqatlar ortib qolganda narxlarni ushlab turish uchun ularni yo‘q qilib tashlashadi. Undan ko‘ra shu oziq-ovqatlarni bizga bersangizlar biz ularni muhtojlarga, och-nahorlarga tarqatamiz.
Mana shu g‘oya asosida 1985-yil 21-dekabrda Parijda «Yurak restorani» deb nomlangan muhtojlarga bepul ovqat tarqatadigan «restoran» ochiladi. Oradan 15 kun o‘tib Fransiyaning turli hududlarida 20 ga yaqin shunday restoran ochiladi va uch oy ichida 60 000 ta (porsiya) ovqat tarqatiladi.
O‘sha yili belgiyalik deputat Joze Xappartning tashabbusi bilan Kolyush Yevropa parlamentida ortib qolgan va keyinchalik yo‘q qilib tashlanadigan oziq-ovqatlarni muhtojlarga berdiradigan dasturni qabul qildirishga erishadi. Natijada supermarketlar va oziq-ovqat tarqatuvchi do‘konlar yig‘ilib qolgan yaroqli va sifatli oziq-ovqatlarni yo‘q qilib tashlamasdan «Yurak restoranlari» va boshqa uyushmalarga berishga majbur bo‘ladilar. Oziq-ovqatlarni beruvchilar norozi bo‘lmasligi uchun davlat ularga kambag‘allarga oziq-ovqat berganlari uchun soliqdan yengilliklar beradi. Natijada pul ketkazib, mahsulotlarni yo‘q qilib tashlagandan ko‘ra oziq-ovqat tarmoqlari ularni ixtiyoriy ravishda kambag‘allarga bera boshlaydilar.
O‘zbeklar «kasal qo‘y qurbonlikka yaramas» deganlariday, kambag‘allarga beriladigan oziq-ovqatlar iste’mol qilish muddati o‘tgan yoki yaqinlashib qolgan, singan, chirigan mahsulotlar bo‘lmasligi kerak. Ular mijozlarga qanday mahsulot sotadigan bo‘lsa kambag‘allarga ham shunday mahsulotlarni berishlari kerak bo‘ladi.
«Yurak restoranlari»ning yuridik statusi 1901-yil qonuni doirasidagi assotsiatsiya, ya’ni uyushma bo‘lib, u o‘z oldiga tijoriy yo‘llar bilan pul topishni maqsad qilmaydi. Aksincha, uning maqsadlari xayriya va savob ishlar bo‘lib, buning uchun ularga davlat, Yevropa ittifoqi, tadbirkorlar, istagan saxiy insonlar moddiy va moliyaviy yordam berishlari mumkin. Uyushmaning maosh to‘lanadigan xodimlari bor, lekin oziq-ovqatlar asosan ko‘ngillilar tomonidan tarqatiladi.
Quyidagi natijalar «Yurak restoranlari»ning samarasini ko‘rsatadi:
- 1986-yili 5000 ko‘ngilli tomonidan 8,5 millionta ovqat tarqatilgan;
- 1988 — 1989-yillari 9000 ko‘ngilli tomonidan 25 millionta ovqat tarqatilgan;
- 2008 — 2009-yillari 103 millionta ovqat tarqatilgan va restoranlar ochilgandan beri tarqatilgan ovqatlarning soni 1 milliarddan oshgan;
- 2015 — 2016-yillari restoranlar ochilgandan beri tarqatilgan ovqatlarning soni 2 milliarddan oshgan.
Bundan tashqari, Fransiyaning mashhur insonlari va san’atkorlari xayriya konsertlari tashkil qilib, «Yurak restoranlari»ga moliyaviy yordam beradilar.
Fransiya san’at olamida Kolyush o‘lmaslar qatoridan joy olgan bo‘lsa, uning o‘limidan bir necha oy oldin tashkil qilib ketgan «Yurak restoranlari» hozirga qadar muhtojlarning qornini to‘ydirib, kambag‘allarga kun ko‘rishlariga va asosiysi millionlab tonna yaroqli oziq-ovqatlar isrof qilinmasligiga sabab bo‘lib kelayapti.
Kolyush 1986-yil 16-iyunda, 41 yoshida yo‘l halokati oqibatida vafot etadi...
Dima Qayum nomini ijtimoiy tarmoqlarda yaxshi biladilar. Uning hajviy postlari va tarjimalari allaqachon o‘z muxlislarini topib ulgurgan. Mazkur postlar va tarjimalar yaqinda bir kitobga jamlanib chop etildi. Ammo bu gaplar o‘z yo‘liga. Men hozir hajviy muallif Dima Qayum haqida emas, balki saxovatli va xayriya ishlari tashabbuskori Dima Qayum haqida yozmoqchiman.
Dima Qayum Rishtonda kutubxona tashkil qilish fikrini ilgari surib, ijtimoiy tarmoq ahlidan kitoblar jo‘natishlarini so‘ragan paytida bu g‘oya ijtimoiy tarmoqdagi ilmli insonlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi va ketma-ket kitoblar jo‘natish boshlandi. Men o‘shanda muammoning ikki tomoniga xavotir bildirgan edim. Bu kutubxonaning yuridik maqomi va kitoblar ko‘payib ketganida kutubxonani boshqarish hamda uning faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalalari edi. Bu haqda o‘sha paytlarda izohlarda ham aytgan edim.
Kutubxonaning maqomi masalasidagi xavotirim Dima Qayumning kutubxona rejasi yaxshi emasligidan emas edi. Aksincha. Xavotirim O‘zbekistonda bunday rejalarni amalga oshirish uchun yuridik asoslarning yetarli emasligi va murakkab ekanligi bilan bog‘liq edi.
Shu o‘rinda Kolyush ochgan «Yurak restoranlari»ning yuridik maqomi haqida qisqacha ma’lumot berib ketsam. Bu restoranlar «1901-yil qonuni» nomi bilan mashhur qonun asosida osonlik bilan ochilgan va juda osonlik bilan faoliyat olib boradi.
1901-yil qonuniga asosan «Assotsiatsiya» ochish uchun kamida ikki kishi tijoriy bo‘lmagan maqsadlarni asos qilib, bitta nizom yozib, shuni prefekturaga (hokimiyatga) topshiradi. Agar so‘ralgan 2-3 ta hujjat joyida bo‘lsa va assotsiatsiyaning maqsadi konstitutsiya va qonunlarga zid bo‘lmasa, prefektura bir necha kun ichida assotsiatsiyaning ochilishiga ruxsat beradi va o‘sha kundan boshlab assotsiatsiya rasman yuridik shaxs sifatida faoliyat olib boraveradi.
U o‘z maqsadlari yo‘lida bankda hisob ochishi, a’zolardan badal puli olishi, saxiylardan pul yig‘ishi, oldi-berdi munosabatlariga kirishishi mumkin. Agar assotsiatsiyaga keladigan pullarning miqdori ma’lum summadan ortadigan bo‘lsa, bu summadan davlatga soliq to‘lanadi. Agar assotsiatsiyaning faoliyati kengayib, unga keladigan pullar imkon beradigan bo‘lsa, assotsiatsiya bu pullar hisobiga xodimlar olishga va kompaniyalarga o‘xshab ularga maosh to‘lashga haqli.
Endi yana Dima Qayumga qaytamiz. U kutubxonani ochmoqchi bo‘lganida barcha yuridik masalalar savol ostida edi. Kutubxona qanday maqomda ochilishi kerak? Buning uchun nimalar qilish va qanday hujjatlarni qayerga topshirish kerak? Bu qancha vaqt oladi? Va kutubxona qanday faoliyat olib boradi? Va hokazo. Shaxsan men bu savollarga javob topa olmadim.
Dima Qayumga faqat hamma tegishli odamlar og‘zaki va’dalar berdi xolos. Temirni issig‘ida bosishni xohlagan Dima Qayum odamlarning ehtirosli qo‘llovi va og‘zaki va’dalarga asoslanib, kutubxonani tashkil qilib yubordi.
Kutubxona tashkil bo‘lib, uning ovozasi yurtga taralgach, tabiiyki, kitoblar oqimi ortdi va men yuqorida aytgan ikkinchi masala — kutubxonani boshqarish va uning faoliyatini tashkil qilish masalasi paydo bo‘ldi. Dima Qayum o‘z vaqtidan, o‘z energiyasidan, o‘zining bozordagi tadbirkorlik ishlaridan iqtisod qilib bo‘lsa ham bu ishlarni imkoni qadar tashkil qildi.
Kelgan kitoblarning soni ortgach, kutubxonani kattalashtirish masalasi ko‘ndalang turdi. «Kutubxona qilmoqchiman, yer bering» desa kimdir tekinga Dima Qayumga yer berarmidi? Menimcha, yo‘q. Dima Qayum bozordagi o‘z yerining bir qismini kutubxona uchun ajratib, ijtimoiy tarmoqdagi do‘stlar va boshqa saxiy insonlarning yordami bilan kattaroq kutubxona qurdi. Natijada yana men yuqorida aytgan yuridik muammolarga duch keldi.
Yuridik muammolar, ularning nima bilan tugaganiga to‘xtalib o‘tirmayman. Kutubxona necha marta buziladigan bo‘lib, nihoyat buzilmaydigan bo‘lganini voqealarni kuzatib borgan barcha biladi.
Xayriya ishlariga xayrixoh inson bu ishni tashlab qo‘ya olmaydi. Musulmonlar uchun muqaddas oy, Ramazon oyida Dima Qayum beva-bechoralarga, muhtojlarga yordam berish uchun xayriya ishlarini tashkil qila boshladi. To‘g‘ri, u cho‘ntagidan bermayapti, lekin u insonlarning ko‘ngillaridan xayriya uchun pul chiqartirib, ularni muhtojlarga yetkazib berayapti. Bu ish cho‘ntagidan bergandan ko‘ra 100 marotaba savoblidir. Zero, cho‘ntakdan 10 ming so‘m bergandan, ko‘pchilikdan 10 million so‘m xayriya qildirish savobliroqdir.
Dima Qayum xuddi kutubxonadagi kabi o‘z bolalariga yoki tadbirkorlik ishiga sarflashi mumkin bo‘lgan vaqtini, energiyasini yana o‘zgalarning dardlarini yengillatishga sarflayapti. Eng asosiysi, u insonlardan yig‘ilgan pullar kimlarga berilganining hisobotini erinmasdan berib borayapti. Bermasligi ham mumkin edi, lekin berib borayotgani yaxshi bo‘layapti. Chunki pul sababli odam bir zumda yomonotliqqa chiqib qolishi va hatto tuhmatga qolib ketishi hech gap emas.
Solishtirib ko‘rilsa, Dima Qayum mohiyatan Kolyush Fransiyada qilgan ishlarni qilayapti. Farqi shundaki, Fransiya davlati Kolyushga xayriya ishlarini amalga oshirishi uchun oson tizim yaratib berib, undan keyin faoliyati davomida qo‘llab-quvvatlagan. Fransiyada 2017 yilda 1,3 millionta assotsiatsiya faoliyat olib borgan va ular 1,8 million kishini ish bilan ta’minlagan. Ularning beminnat keltirgan foydalari va ularning faoliyatiga hissa qo‘shgan ko‘ngillilarning soni bu raqamlarga kiritilmagan.
Dima Qayum esa o‘z faoliyatining yuridik maqomini topa olmay o‘z imkoniyati doirasida odamlardan pul yig‘ib, muhtojlarga tarqatib, ustiga ustak baloga qolib ketmaslik uchun hisobot ham berib yuribdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda bemor bolalarga yordam berishni tashkil qiladigan bir insondan «Juda foydali va xayrli ishlarni qilayapsizlar, O‘zbekistonda biron yuridik maqom bilan rasman ishlasangizlar bo‘lmaydimi? Ham faoliyatingiz oson bo‘lardi, ham odamlarning dashnomlariga qolib yurmas edingizlar» deb so‘raganimda, u menga «Biz bunga harakat qilib ko‘rganmiz. Ochish uchun qilinadigan boshog‘riqlarni va ochilgandan keyingi tashvishlarni ko‘rganimizdan so‘ng tinchgina ijtimoiy tarmoqlar orqali yordam berishda davom etishga qaror qilganmiz» deb aytgan edi.
Tan olaman, men O‘zbekistondagi bunday faoliyatlar qanday tashkil qilinishi va aytib o‘tilgan boshog‘riqlar nimalardan iboratligini bilmayman. Ishonchim komilki, O‘zbekistonda ham xayriya ishlarini tashkil qilishning yuridik asoslari va shakllari mavjud. Biroq, menimcha, ular keng amaliyotga tatbiq etilmaganligi sababli ularning mavjudligini insonlar bilmaydilar. Bilganlarida ham byurokratik qiyinchiliklar sababli ularning amaliyotga qo‘llanishi samarasizlikka yuz tutgan bo‘lsa kerak. Men savolning javobini mutasaddi tashkilotlarga qoldiraman...
«Feysbuk»da bir kishi Dima Qayumga «Aka, shuncha muhtojlarni qayerdan topyapsiz?» deb hazilomuz savol berganini o‘qib qoldim. Aslida bu savol eng jiddiy va eng dolzarb savol hisoblanadi.
«Bizda kambag‘allar yo‘q», «O‘zbekistonda hech kim ko‘chada qolmaydi» va hokazo degan gaplarning bari safsata. Kambag‘allar, muhtojlar butun dunyoda, hatto AQSh, Fransiya va Xitoyda ham bor. Faqat borgina emas, ular serob. Faqat dunyo ahli ikki toifaga — kambag‘allarning borligini tan oladiganlar va ularning borligini yashirgisi keladiganlarga bo‘linadi.
Kasalni yashirgan bilan isitmasi oshkor qiladi. «Bizda kambag‘allar yo‘q» deydigan jamiyatda Dima Qayum 15 kun ichida 15 ta ayanchli holatni ommaga olib chiqib ko‘rsatdi. Bu faqat Rishton tumanidagi holat xolos. Respublikamizdagi barcha tuman va qishloqlar qarab chiqilsa, bunday holatlar son-sanoqsiz ekanligini ko‘ramiz. Ularni mansabdorlar va hatto oddiy odamlar payqamaydilar. Ularni Dima Qayum va unga o‘xshagan insonlargina ko‘ra oladilar.
Shu sababdan O‘zbekistonda xayriya va saxovat ishlari rasmiy va qonuniy yo‘llar bilan osonlikcha amalga oshirilishini ta’minlash uchun davlat maxsus tizimni yo‘lga qo‘yishi kerak deb o‘ylayman. Agar bunday tizim allaqachon mavjud bo‘lsa, uni osonlashtirib, bu haqda insonlarga ma’lumotlar berish kerak.
Dima Qayumlar jamiyatning davlat va mansabdorlarning nigohlari kirib bormagan joylarini ko‘ra oladigan dastyorlardir. Shu bois davlatimiz ularni qo‘llab-quvvatlashi hamda ularga o‘z faoliyatini qonuniy yo‘llar bilan oson olib borishlari uchun yo‘l ochib berishi kerak deb o‘ylayman.
Yana bir gap. Isrofgarchilikning oldini olish va shu bilan birga muhtojlarga yordam ko‘rsatuvchi tizim sifatida menga Kolyushning g‘oyasi juda ma’qul bo‘lgan. U qandaydir mafkuraviy yoki g‘arazli maqsadlar ustiga emas, balki aynan insoniy tamoyillar asosiga qurilgan va u faqatgina ezgu maqsadlarni ko‘zlaydi. Shunday ekan, bizlar dunyoning biron nuqtasida ezgu maqsadlarni ko‘zlaydigan tizimlarni ko‘rib qolsak, ulardan o‘rnak olishdan uyalmasligimiz kerak. Shu sababdan men O‘zbekistonda ham supermarketlar va oziq-ovqat tarqatuvchi tarmoqlarga soliqlardan imtiyozlar berish evaziga muhtojlarga mahsulotlar berish tizimini yo‘lga qo‘yishimiz kerak deb o‘ylayman. Tadbirkorlar muhtojlarga qancha ko‘p narsa bersa, ularning soliqdan yengilliklari ko‘payaveradigan bo‘lsin. Chunki ularning bu amallari davlatning ijtimoiy ta’minot borasidagi siyosatiga ko‘maklashadi.
Agar yurtimizda yuqorida aytilgani kabi ijtimoiy himoya tizimlari yo‘lga qo‘yiladigan bo‘lsa va bunday maqsadlarda davlatga ko‘makchi bo‘ladigan insonlarga yengilliklar yaratiladigan bo‘lsa, davlat va jamiyatning ayrim qatlamlari o‘rtasida uzilishlar bo‘lmaydi va davlatimizning poydevori mustahkam bo‘ladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter