Chifte Minareli – Turkiyadagi ilk astronomiya maktabi yaratilgan madrasa
Turkiyaning tog‘li so‘lim go‘shalaridan biri bo‘lgan Arzirumga sayohat qilar ekanmiz, u manzildagi qadimiy devorlar, ko‘p saltanatlarga guvoh bo‘lgan zamin va osmon sizga qiziq tarixlarni hikoya qiladi.
Turkiyaning shimoli-sharqida joylashgan ushbu shahar qadimda turli davlatlar tarkibida bo‘lib kelgan va shu bois ham turli xil nom bilan atalgan. 11-asrdagina saljuqiylar qo‘l ostiga o‘tgach, hozirgi nom bilan atala boshlagan.
1514 yildan Usmonlilar saltanati tarkibida, 1923 yildan esa zamonaviy Turkiya tarkibida bo‘lgan Arzirumda bugungi kungacha qator me’moriy yodgorliklar saqlanib qolgan va bu mamlakatda turizmni rivojlantirish yo‘lida katta ahamiyat kasb etyapti.
Shunday tarixiy obidalardan biri shaharning eski qal’asi ro‘parasida joylashgan Chifte Minareli (Juft minorali) madrasasi bo‘lib, u milodiy 1271 yilda Saljuq sultoni Alouddin Kayqubod I ning qizi Xudovand xotun tomonidan qurilgani aytiladi. Shu bois ham ayrim manbalarda madrasining nomi Xatuniya madrasasi tarzida ham uchraydi.
Madrasning «Chifte Minareli» deb nomlanishiga monumental fasadini o‘rab turgan balandligi 26 metr bo‘lgan ikkita naysimon minora sabab bo‘lgan.
Mutaxassislar madrasaning sharqiy kirish eshigi va ikkita minorali bezakli g‘isht va koshindan yasalgan ulkan toshli ko‘rinishi ajoyib san’at asari deya baholaydilar. Kirishning har ikki tomonida panno mavjud bo‘lib, o‘ng tomonida ikki boshli burgut rasmi tasvirlangan. Chap tarafdagi naqsh esa tugallanmaganga o‘xshaydi.
Madrasa markazida 26x10 metr o‘lchamdagi hovli bo‘lib, uning atrofida turar-joy va talabalar xonalari bo‘lgan inshoot bilan o‘ralgan. Hovliga g‘arbdan masjid tutashadi va janubiy qismida 3 ta maqbara joylashgan.
Shuningdek, Onado‘lidagi ilk astronomiya maktabi shu yerda yaratilgani aytiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter