Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Samarqandda tug‘ilgan Rustem Umerov – Ukraina mudofaa vaziri. U haqda nimalar ma’lum?

Samarqandda tug‘ilgan Rustem Umerov – Ukraina mudofaa vaziri. U haqda nimalar ma’lum?

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 3 cyentyabr kungi murojaatida Aleksey Reznikov mudofaa vaziri lavozimidan ozod etilgani, uning o‘rnini Davlat mulki jamg‘armasi raisi Rustem Umerov egallashini ma’lum qildi.

Zelenskiy iste’fo qarorini vazirlikka yangi qon kerakligi bilan izohlagan.

Ukrainaning yangi mudofaa vaziri Rustem Umerov 1982 yilning 19 aprelida Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanida qrim tatar oilasida tug‘ilgan. Otasi Enver Umerov muhandis-texnolog, onasi Maryam Umerova muhandis-kimyogar bo‘lgan.

1944 yil 18 may tunida sho‘ro dohiysi Iosif Stalinning farmoni bilan 250 mingdan ziyod qrim tatarlari vatanidan badarg‘a qilingan edi.

Insoniyat tarixidagi eng mudhish amaliyotlaridan biri sanalgan surgun payti Rustem Umerovning yaqinlari ham O‘zbekistondan qo‘nim topgan.

Ushbu oila oradan 50 yil o‘tib, 1980-yillar oxiridagina vatani Qrimga qaytishga muvaffaq bo‘lgan.

Rustem Umerov Ukraina Milliy boshqaruv akademiyasini moliya va kredit yo‘nalishida tamomlagan.

Tadbirkorlik va ishlab chiqarish faoliyati bilan birga jamoat ishlarida ham faol qatnashgan, xususan, qrim tatarlari manfaatlarini himoya qiluvchi tashkilotlarda ishlagan.

Qrim tatarlarining milliy manfaatlarini himoya qilish harakatida O‘zbekistonda uzoq yil yashagan Mustafo Jamilov alohida o‘rin tutadi. Siyosiy yetakchi bu boradagi sa’y-harakatlari uchun Nobel mukofotiga ham nomzod qilib ko‘rsatilgan.

Rustem Umerov Mustafo Jamilovning maslakdoshi sanaladi. U ko‘p yillar M.Jamilovga maslahatchilik ham qilgan.

2019–2022 yillarda Ukraina parlamenti deputati sifatida qonunchilik sohasida faoliyat yuritgan R.Umerov garchi mudofaa sohasida tajribaga ega bo‘lmasa-da, harbiy tizim unga begona emas.

U 2014 yildan qrimlik siyosiy mahkumlarni almashish masalalari bilan shug‘ullangan.

2022 yil Rossiya bosqinidan keyin esa Moskva bilan muzokaralarda qatnashgan.   Shuningdek, u Ukraina prezidentining maxsus vakili sifatida harbiy-gumanitar ko‘mak masalalarida xalqaro miqyosda muzokara olib borgan.

Zelenskiy tomonidan Qrim manfaatlarini bayroq qilib kelgan arbobning mudofaa vaziri etib tayinlanishi ramziy ma’noga ham ega. Bu Ukraina ma’muriyatining ishg‘ol ostidagi yarim orolni qaytarib olish istagiga sodiq ekaniga ishora qiladi.

Ukraina Rossiya bosqiniga qarshi kurashda jangovar qiruvchi samolyotlar va olis masofaga uchadigan raketalarga muhtoj bo‘lib turibdi. Urushda burilish yasashi mumkin bo‘lgan harbiy aslahalarni g‘arblik hamkorlardan undirish yangi vazir zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklashi shubhasiz.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring