Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buyuk Britaniya o‘z fuqarolarini O‘zbekistonga safar borasida ogohlantirdi

Buyuk Britaniya o‘z fuqarolarini O‘zbekistonga safar borasida ogohlantirdi

Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirligi o‘z fuqarolarini O‘zbekistonning janubiy chegara mintaqasiga safar qilmaslikka chaqirdi.

Ingliz tashqi siyosat mahkamasiga ko‘ra, ayni paytda qirollik fuqarolari O‘zbekiston–Afg‘oniston chegarasidan 5 kilometr masofadagi hududga (Termiz shahri va shimolga tutashuvchi yo‘l mustasno) bormay turgani ma’qul.

TIV saytida chop etilgan O‘zbekiston xaritasida hozircha tashrif buyurish tavsiya etilmagan hududlar alohida ko‘rsatib o‘tilgan.

Rasmiy London chegara hududlar borasida berilgan tavsiya sababiga oydinlik kiritmagan. Ammo odatda tashqi siyosat idorasi o‘z fuqarolari hayotiga ehtimoliy xatar tug‘ilgan vaziyatlarda shunday yo‘riqnoma bilan chiqadi. Tavsiyanoma berishda siyosiy barqarorlik holati, jinoyatchilik darajasi, tabiiy ofatlar kabi omillar ham inobatga olinadi. 

Avval xabar berganimizdek, joriy yil 23 aprel kuni Buyuk Britaniya tashqi ishlar, hamdo‘stlik va taraqqiyot masalalari bo‘yicha davlat kotibi Devid Kemeron chorak asrlik tanaffusdan keyin O‘zbekiston tashrif buyurdi. Ikki davlat o‘rtasida Keng qamrovli sherikchilik to‘g‘risida deklaratsiya hamda Mintaqaviy va xalqaro bog‘liqlik hamda infratuzilma sohalaridagi hamkorlik to‘g‘risida anglashuv memorandumi imzolandi.

O‘tgan hafta Britaniya tomoni o‘zbekistonlik 1,7 ming nafar mehnat muhojirini qabul qilishni rad etgan, buning ortidan Bandlik vazirligi vaziyat yuzasidan bayonot bergan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring