Bugun litvaliklar prezident saylashyapti
Bugun Litvada davlat rahbarligi uchun saylovlarning ikkinchi bosqichi o‘tkazilmoqda. Bu haqda «Doyche Velle» xabar berdi.
Prezidentlikka ikki nomzod: sobiq moliya vaziri Ingrida Shimonite hamda siyosatchi va iqtisodchi Gitanas Nauseda o‘rtasida kurash ketyapti.
12-may kuni o‘tkazilgan birinchi turda ular o‘rtasidagi farq bir foizga ham yetmagandi. «Litva Vatan ittifoqi — xristian demokratlar» konservativ partiyasidan nomzodi ko‘rsatilgan Shimonitega saylovchilarning 31,31 foizi ovoz bergandi. Mamlakatdagi «SEB banka» banki prezidentining sobiq maslahatchisi, «Litva Dehqonlar va «yashillar» ittifoqi» tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan Nauseda esa saylovchilarning 30,94 foiz ovozini to‘plagandi.
Mamlakatdagi saylov uchastkalari bugun, 26-may kuni mahalliy vaqt bilan tonggi soat 07.00 dan ochildi.
Sotsiologlarga ko‘ra, Shimonite tarafdorlari — asosan yirik shaharlarning yaxshi ta’lim olgan, daromadi yuqori aholisi.
Nausedaning elektorati esa jamiyatning turli qatlamlari — katta shaharlardan tortib, chekka qishloqlargacha qamrab olgan.
Eslatib o‘tamiz, Litvani o‘n yildirki (2009-yilning may oyidan beri), Dalya Gribauskayte boshqarib kelyapti.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter