Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Britaniya qirollik oilasining «qora kunlari» yaqinlashmoqdami?

Britaniya qirollik oilasining «qora kunlari» yaqinlashmoqdami?

Foto: Reuters

Buyuk Britaniya qirollik oilasining daromadi koronavirus pandemiyasi sabab shiddat bilan kamayib bormoqda. Xo‘sh, endi qirolicha Yelizaveta II kamtarroq hayot kechirishga majbur bo‘ladimi?

Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya birlashgan qirolligi qirolichasi Yelizaveta II davlat budjetidan ajratiladigan grant hisobiga yashaydi. O‘tgan yili zoti oliyalarining badastir hayot kechirishi uchun g‘aznadan 80 million funt ajratilgan. Ayni choqda, qirolicha oilasi tasarrufida ham yirik mulk va yerlar borki, ular har yili o‘rtacha 330 million funt daromad keltiradi.

Crown Estate (Qirollik mulklari) tasarrufidagi ulkan yer va mol-mulkning umumiy qiymati 13 milliard funtni tashkil etadi. London markazidagi o‘nlab imoratlar, savdo markazlari, do‘konlar, ofislar, yer maydonlari ijarasidan monarx oilasi jaraq-jaraq foyda ko‘rib kelgan. Ammo pandemiya sabab joriy etilgan karantin cheklovlari  davrida qirol oilasi tasarrufidagi bino va inshootlar ijarasidan keladigan mablag‘ keskin qisqarib ketdi.  Crown Estate boshqaruvchisi Dan Lebbadga ko‘ra, joriy yil mart oyidan iyun oyiga qadar belgilangan ijara pulining uchdan ikki qismi yig‘ilgan, xolos. London markazidagi do‘konlar ijara pulining esa atigi yarmi olingan. Kelgusi uch oy davomida ham ahvol shu taxlit davom etadi deb hisoblaydi mutaxassislar. Dan Lebbadning qayd etishicha, daromad kamayishi barobarida mulklar qiymati ham pasayishi kutilmoqda.

Moliyaviy qiyinchiliklarga duchor bo‘lgan Crown Estate topgan daromadini davlat g‘aznasiga o‘tkazishga shoshilmayapti. O‘tgan yilgi 345 mln funt daromaddan 87 millioni o‘tkazilgan, xolos.

Tahlilchilarga ko‘ra, moliyaviy vaziyat murakkablashgan taqdirda ham qirolicha Yelizaveta II ga ajratilgan grant miqdori kamaytirilmaydi. Birinchidan, qirolicha dunyo bo‘ylab ingliz davlatchiligi ramzi sifatida ulkan e’tibor qozongan. Ikkinchidan, qirolichaning shon-shuhrati qirollikka yaxshigina foyda keltiradi. Brand Finance konsalting shirkati hisob-kitobiga ko‘ra, dunyo bo‘yicha sayyohlarning qirolichaga hurmat-ehtiromi sabab har yili 1,5 milliard funtlik milliy mahsulotlar sotiladi. 

Agar mamlakat boshiga qora kunlar kelgan taqdirda ham qirolicha ta’minotsiz qolmasa kerak. Gap shundaki, shaxsan Yelizaveta II ga tegishli bir necha qasr mavjud. Shotlandiya va Angliyadagi qasrlardan qirolicha yiliga 20 mln funt daromad oladi.

94 yoshli Yelizaveta II rasman Buyuk Britaniya hamda 15 ta mustaqil davlat qirolichasi sanaladi. 1953 yilning 2 iyunida taxtga o‘tirgan qirolicha 67 yil davomida 15 nafar bosh vazirga ishonch bildirgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring