Britaniya bosh vaziri sovg‘a sifatida berilgan musallas va ikrani g‘aznaga topshirishga majbur bo‘ldi
Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonsonga sovg‘a sifatida berilgan musallas, zaytun yog‘i va ikra musodara qilindi. The Independent nashri xabariga ko‘ra, hukumat kodeksi ana shunday qat’iy tartibni taqozo etadi.
Amaldagi tartibga muvofiq, Boris Jonson qimmatbaho ruchka, rasm, haykal va futuristik o‘yin moslamasini ham g‘aznaga topshirishga majbur bo‘lgan.
Gap shundaki, ingliz hukumati a’zolari 140 funt sterlingdan ortiq qiymatda sovg‘a-salom olishi taqiqlanadi. Mazkur summadan oshgan barcha in’omlar budjet foydasiga musodara etiladi.
Koronavirus pandemiyasi sabab joriy etilgan cheklovlar Buyuk Britaniya iqtisodiyotiga kuchli zarba bermoqda. Millionlab ish o‘rni qisqarishi va qirollik so‘nggi yuz yilda ilk bor jiddiy iqtisodiy inqirozga duch kelishi kutilmoqda.
Moliyaviy tanglik sabab hukumat xarajatlari kamaytirilishi tarafdori bo‘lgan aholi soni oshib bormoqda. Daily Mail xabariga ko‘ra, joriy yil yozda o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovlarda respondentlarning 75 foizi Buyuk Britaniya bosh vazirining maoshi qisqartirilishi lozimligini talab qilgan.
So‘rovda qatnashgan aholining aksar qismi bosh vazir London hokimi Sodiq Xondan o‘rnak olishi lozimligini talab qilgan. London rahbari pandemiya sabab maoshini 10 foizga kamaytirgan va hokimlik xodimlari ish haqini oshirishni vaqtincha to‘xtatgan edi.
Buyuk Britaniya hukumati rahbarining oylik maoshi o‘rtacha 12800 funt sterlingni (yillik – 154 ming funt) tashkil etadi. Mamlakatdagi o‘rtacha oylik ish haqi 2200 funt ekani inobatga olinsa, hukumat rahbari o‘rtacha ko‘rsatkichdan 5-6 baravar ko‘p daromad qiladi. Eslatib o‘tamiz, Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson 2008-2016 yillari, London hokimi vazifasida ishlagan kezlari amerikalik tadbirkor ayol Jennifer Arkuri bilan ishqiy munosabatda bo‘lgani oshkor bo‘lgan edi. B.Jonson buning evaziga Jennifer Arkurining biznes faoliyatiga moliyaviy ko‘mak ko‘rsatish va poytaxt budjetini talon-toroj etishda ayblangan edi. Tekshiruvlardan keyin politsiya B.Jonson ma’shuqasiga noqonuniy ko‘mak ko‘rsatmagan degan xulosaga kelgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter