Borrel: «Lavrovga qarshi sanksiyalar uning Jenevaga kelishini taqiqlamaydi»
Yevropa ittifoqi Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovga qarshi qo‘llagan sanksiyalar uning ishchi safarlari taqiqlanishini ko‘zda tutmaydi. Bu haqda bugun, 28-fevral kuni YI xorijiy ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel bayonot berdi.
«Jenevaga ish yuzasidan kelish taqiqlanmagan», — dedi u matbuot anjumanida Sergey Lavrovning Shveysariyaga borolmasligi haqidagi savolga javob berarkan.
«Diplomatik safarlar uchun istisnolar (sanksiyalar doirasida — tahr.) bor. Biroq u ta’tilini o‘tkazish uchun kelolmaydi», — tushuntirdi Borrel.
Ma’lumot uchun: Rossiya tashqi ishlar vaziri 28-fevral va 1-mart kunlari BMTning oliy darajadagi Inson huquqlari bo‘yicha kengashi sessiyasi va qurolsizlanish bo‘yicha konferensiyasida qatnashishi rejalashtirilgandi.
Biroq, RFning Shveysariyadagi elchixonasi ma’lum qilishicha, Lavrovning Jenevaga safari, uning samolyotiga YI osmonida uchish taqiqlangani bois, bekor qilingan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter