Boku Yerevanni ommaviy qabrlar haqida ma’lumot bermaslikda aybladi
Armaniston tomoni Ozarbayjon fuqarolari ko‘milgan ommaviy qabrlar haqida ma’lumot berishdan bosh tortmoqda. Bu haqda Ozarbayjon rahbari yordamchisi – prezident devoni tashqi siyosat bo‘limi mudiri Hikmat Hojiyev ma’lum qilgan.
«Oddiy fuqarolar va harbiy asirlar saqlangan Shusha qamoqxonasi yaqinida bedarak yo‘qolgan 4000 nafar ozarbayjonlik ko‘milgan ommaviy qabrlardan biri topildi. Ular noinsoniy munosabat va qiynoq qurboni bo‘lgan, qatl etilgan va ommaviy qabrlarga ko‘milgan», – deydi H.Hojiyev.
Ozarbayjon prezidenti yordamchisi Yerevan javobgarlikdan qochish uchun ommaviy qabrlar haqidagi ma’lumotni taqdim etishdan bosh tortmoqda deb hisoblaydi.
Joriy yil iyun oyida Shusha qamoqxonasi hududida ommaviy qabr borligi aniqlangan. Bunga qadar ishg‘oldan ozod etilgan Qorabog‘ning boshqa shahar va tumanlarida ommaviy dafn joylari ro‘yxatga olingan.
Avval xabar berganimizdek, Qorabog‘dagi Xo‘javand tumani Edilli qishlog‘ida ham ozarbayjon askarlari qoldiqlari bo‘lgan uchta ommaviy qabr topilgan.
Ombudsman idorasi bu birinchi Qorabog‘ urushi paytida bedarak yo‘qolgan va taqdiri noma’lum bo‘lib kelgan ozarbayjonliklarga tegishli ekanini bildirgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter