Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Boku deklaratsiyasi: muhim masalalarda uch davlatning fikri bir joydan chiqdi

Boku deklaratsiyasi: muhim masalalarda uch davlatning fikri bir joydan chiqdi

15 mart kuni Boku shahrida Ozarbayjon, Turkiya hamda Gruziya tashqi ishlar vazirlarining to‘qqizinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Ozarbayjon TIV taklifi bilan o‘tkazilgan mashvaratda xalqaro siyosatga doir muhim masalalar muhokama qilindi.

Jahon geosiyosatida ahamiyati tobora oshib borayotgan Janubiy Kavkazda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash uchrashuvning markaziy mavzusi bo‘ldi.

Muzokara yakunida Ozarbayjon (Jayhun Bayramov), Turkiya (Xoqon Fidan) hamda Gruziya (Ilya Darchiashvili) tashqi ishlar vazirlari tomonidan imzolangan Boku deklaratsiyasida uch davlat dolzarb masalalar yuzasidan mushtarak pozitsiyada ekani qayd etilgan.   

Deklaratsiyaga ko‘ra, Ozarbayjon, Turkiya hamda Gruziya bir-birining suvereniteti, hududiy yaxlitligi va chegaralari daxlsizligini qat’iy va sobit ravishda qo‘llab-quvvatlaydi.

Ozarbayjon Respublikasi qariyb 30 yil ishg‘ol ostida bo‘lgan hududlarini qaytarishga muvaffaq bo‘ldi. Tomonlar Ozarbayjon hududiy yaxlitligi tiklanganini olqishlab, Qorabog‘ mintaqasida olib borilayotgan tiklash, rekonstruksiya ishlariga xayrixohlik izhor qilgan.

Ayni paytda Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi robitalarning normallashuvi kun tartibidagi muhim masalalar sirasiga kiradi. Deklaratsiyada ikki davlat suvereniteti, hududiy yaxlitligi va chegaralari daxlsizligini hurmat qilgan holda munosabatlarni izga solishi mintaqa hamkorligida yangi ufqlarni ochishi ta’kidlangan. 

Qora dengizda taranglik kuchayib borayotgan bir paytda Turkiya tomonidan Montryo konvensiyasiga izchil rioya etilishi muhimligi urg‘ulangan.

Boku deklaratsiyasida Gruziyaning xalqaro miqyosda tan olingan hududiy yaxlitligi qayta tiklanishi lozimligi ham alohida qayd etilgan.

Vazirlar dunyo hamjamiyati e’tiboridagi masala – G‘azo sektoridagi harbiy harakatlarga ham munosabat bildirgan. Ularga ko‘ra, G‘azoda zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish va insonparvarlik ko‘magining to‘siqsiz, muntazam yetkazilishini  ta’minlash lozim.

Transport hamda kommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish borasida  Boku, Anqara va Tbilisining fikri bir joydan chiqqan. Jumladan, uch davlat hududidan o‘tuvchi Transkaspiy o‘rta koridori tranzit imkoniyatlarini kengaytirishi, Boku–Tbilisi–Kars temir yo‘li va “Marmaray” loyihasi esa Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi yuk tashish salohiyatini oshirishi urg‘ulangan.

Tomonlar iqtisodiyot, siyosat, savdo, ilm-fan, xavfsizlik, texnologiyalar, yashil energetika, madaniyat sohalaridagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga kelishgan.

Uch davlat tashqi ishlar vazirlarining galdagi uchrashuvi 2025 yil Turkiyada o‘tishi ma’lum qilingan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring