Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

BMT bosh kotibi yaqinlashayotgan yana bir xatardan ogohlantirdi

BMT bosh kotibi yaqinlashayotgan yana bir xatardan ogohlantirdi

Foto: «News.un.org»

Dunyodagi ayrim mamlakatlar dengiz sathi ko‘tarilishi oqibatida suv ostida qolishi mumkin. Bu haqda  BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Xavfsizlik kengashi yig‘ilishidagi nutqida gapirgan.

Jahon meteorologiya tashkiloti so‘nggi tahlillari XX asrda dengiz sathi 3 ming yillik davr mobaynida eng tez sur’atda ko‘tarilganini ko‘rsatmoqda. Agar global harorat yana 2 darajaga oshsa, dunyo okeani sathi misli ko‘rilmagan darajada ko‘tariladi.

«Voqealarning har qanday rivojida ham Bangladesh, Xitoy, Hindiston, Niderlandiya kabi mamlakatlar xavf ostida qoladi. Barcha qit’alardagi megapolislar, jumladan, Lagos, Maputu, Bangkok, Dakka, Jakarta, Mumbay, Shanxay, Kopenhagen, London, Los-Anjeles, Nyu-York, Buenos-Ayres va Santyago jiddiy muammolarga ro‘baro‘ keladi», – deydi BMT yetakchisi.

Fiji, Vanuatu, Solomon orollari kabi davlatlar allaqachon dengiz sathi ko‘tarilishi ortidan aholini ommaviy ko‘chirishga majbur bo‘ldi. Shimoliy Afrikada dengizning sho‘r suvi allaqachon chuchuk suvga aralashib, hosilning nest-nobud bo‘lishiga olib kelmoqda.

A.Guterrish ushbu muammo qashshoqlikni avj oldirishi, ijtimoiy-iqtisodiy bo‘hronlar, urush va ixtiloflarga doyalik qilishidan ogohlantirgan va xalqaro hamjamiyat bir necha yo‘nalishda jonbozlik ko‘rsatish kerakligini ta’kidlagan.

Avvalo, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini kamaytirish uchun sa’y-harakatlarni jadallashtirish, atmosferaga chiqayotgan zaharli gazlar miqdorini kamaytirish kerak. Rivojlangan davlatlar iqlim bo‘yicha majburiyatlari doirasida rivojlanayotgan mamlakatlarga 100 milliard dollarlik moliyaviy ko‘mak taqdim etishi lozim.

Suv sathi ko‘tarilishidan Indoneziyaga ham katta talafot ko‘rishi aytilmoqda. Foto: Greenpeace

Inson huquqlari buzilishi, kambag‘allik, tabaqalanish kabi illatlarga qarshi choralar ham kuchaytirilishi kerak.

Antoniu Guterrish dengiz sathining ko‘tarilishi oqibatlarini bartaraf etish uchun xalqaro huquq me’yorlari takomillashtirilishi, bu borada BMT Xavfsizlik kengashi faol bo‘lishi kerakligini ham qayd etgan. 

Iqlim o‘zgarishlarini tadqiq etuvchi olimlarning xulosasiga ko‘ra, Antarktida va Grenlandiya muzliklari hozirgi sur’atda erishda davom etsa, okean sathi yaqin o‘nyilliklarda halokatli darajada ko‘tarilib dunyoning ko‘plab sohilbo‘yi shaharlari suv ostida qoladi.

Jahon meteorologiya tashkiloti ham so‘nggi yillarda okeanlar sathi ko‘tarilishi, zaharli gazlar bo‘yicha aksilrekord qayd etilayotgani haqida bong urmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring