Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Bloomberg» kolumnisti: «Kelajak avlod ko‘rfazning bugungi farovonligini hech qachon ko‘rmaydi»

«Bloomberg» kolumnisti: «Kelajak avlod ko‘rfazning bugungi farovonligini hech qachon ko‘rmaydi»

Foto: «RIA Novosti»

O‘z vaqtida neft boyliklarini «jilovlab olgan» Fors ko‘rfazi monarxlari — Saudiya Arabistoni va unga qo‘shni arab mamlakatlari yaqin kelajakda jiddiy moliyaviy muammolarga duchor bo‘ladi. «Bloomberg» kolumnisti Devid Fikling ana shunday xulosaga keldi.

«Fors ko‘rfazi mamlakatlari o‘zlarining beqaror iqtisodiyoti achchiq haqiqat bilan ro‘baro‘ kelganida hozir neft bozorlarida kechayotgan narxlar urushi o‘sha damlarni faqat yaqinlashtirishga xizmat qilganini anglab yetishadi», — deb yozadi Fikling.

Muallif Saudiya Arabistoni hukumatining moliyaviy aktivlarini bunga misol qilib keltirdi: bir tomonda Markaziy bankning oltin-valyuta zaxiralari va suveren fondlarning aktivlari, ikkinchi tomonda hukumatning qarzlari. «Ular qisqarib, yalpi milliy mahsulotning atigi 0,1 foizini tashkil etmoqda, ular 2018 yilgacha to‘rt yil davomida 50 foizni tashkil etgandi», — ta’kidlaydi kolumnist.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, Fikling ta’kidlab o‘tgan o‘sha to‘rt yil mobaynida Fors ko‘rfazidagi oltita monarxiya moliyaviy aktivlari birgalikda qariyb yarim trillion dollarga qisqarib, jami ikki trillion dollarni tashkil etgan. «Agarda neftga yuqori talab 2040-yilgacha oshmas ekan, XVJ mutaxassislariga ko‘ra, qolgan mablag‘ (ya’ni ikki trillon dollar) 2034-yilda tugaydi. Agarda neftning bir barreli uchun 20 dollarlik narx saqlanib qolaversa, o‘sha ikki trillon dollar yanada tezroq — 2027-yildayoq tugab bitadi», — ta’kidlaydi Fikling.

Yana XVJ ma’lumotlariga yuzlanamiz: agarda neft narxlari 50-55 dollarga ko‘tarilganida ham saudiyaliklarning oltin-valyuta zaxiralari 2024 yilda taxminan besh oylik import xarajatlari qiymatiga teng miqdorga qisqaradi. Kolumnist ayni shu holatni xavotirli demoqda, negaki, oradan atigi bir necha oy o‘tib Saudiya Arabistoni «aql bovar qilmas inqiroz» yoqasida qolishi mumkin va butun boshli bir avlod umri davomida global neft savdosini ushlab turgan dollarning «qotirilgan» kursidan voz kechishga majbur bo‘ladi.

Budjetni barqarorlashtirishi uchun hozir Fors ko‘rfazi mamlakatlariga neft narxining qimmatlashishi suv bilan havoday zarur. Garchi ushbu mamlakatlar markaziy banklari va suveren fondlar inqirozdan chiqishda ko‘maklashuvchi mablag‘larni jamg‘arib qo‘yishgan bo‘lsalar-da, neft narxlarining o‘ta pasayishi bu pullarning qisqa muddatlarda tugashiga olib kelishi mumkin.

«Fors ko‘rfazi monarxiyalari bu ajoyib boylik to‘lqinini jilovlab, qariyb oxirgi yuz yil davomida uni boshqarishdi, ammo har qanday to‘lqin oxiri baribir sinadi. Bo‘lg‘usi avlod ko‘rfaz mamlakatlari bugun foydalanayotgan farovonliklarni hech qachon ko‘rmaydi», — deydi Fikling xulosa qilarkan.

Ma’lumot uchun: 2020-yilning mart oyi boshlarida koronavirus epidemiyasi hamda OPEK+ bitimi bekor bo‘lishi, Saudiya Arabistoni sutkasiga neft qazib olishni 13 mln. barrelga chiqarishga va’da berishi oqibatida neft narxi ikki baravarga pasayib ketdi. O‘tgan juma kungi fyucherslarda «Brent» markali neftning barreli 27-30 dollar atrofida sotilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring