Birinchi millionerlar: katta biznes dunyosidagi «po‘lat qiroli»
Kasod bo‘lgan ota va uddaburon o‘g‘il
Endryu Karnegi 1835-yil 25-noyabrda Shotlandiyaning Danfermlin qishlog‘ida tug‘ilgan. Ularning uyi otasi – Uilyam Karnegi ochgan tikuvchilik ustaxonasi uchun ishxona ham edi. Oila XIX asrning 40-yillarigacha to‘kin yashadi. Biroq, to‘quvchilik sanoati rivoj topib, hunarmand otaning ishlari yaxshi ketmadi va 1848-yilda Uilyam Karnegi mutlaqo buyurtmasiz qoldi. Tashabbusni o‘z qo‘liga olgan oila bekasi poyafzallarga buyurtma ola boshladi. O‘sha yilning 17-mayida Karnegilar AQShga ko‘chib o‘tib, Slebtaun (Pensilvaniya)dagi kichik uydan qo‘nim topishdi.
Endryu 13 yoshida gazmol fabrikasiga ishga joylashdi. Shu yerda malaka oshirib, yordamchi ishchidan haftasiga ikki dollar oladigan idora xizmatchisiga qadar o‘sdi. U o‘shandayoq kichikroq guruhga kirim-chiqim, order hisobi bo‘yicha saboq beradigan hisobchiga qatnay boshladi. Aynan mazkur mashg‘ulotlarda Endryuning matematikaga nisbatan qobiliyati ochila bordi. Bir tasodifiy uchrashuv esa «O‘Reyli telegraf kompaniyasi»ga o‘tishiga sabab bo‘ldi. Uch oy ichida uchta ishni almashtirgan Endryu Karnegi o‘z iqtidori tufayli daromadini 2 dan 13 dollargacha oshirishga erishdi. Ko‘p o‘tmay ularning oilasi yaxshigina uy sotib oldi.
Telegraf kompaniyasidagi faoliyat Endryuning shahardagi savdo-sotiq ishlariga aloqador muassasalar haqida axborot olishiga yordam berdi. U telegrafni mustaqil ravishda o‘rganib, boshqa hamkasblaridan yaqqol ajralib turadigan bo‘ldi. 1851-yilda Endryuning ish haqi oyiga 25 dollarni tashkil etgan edi.
«Pensilvaniya» temir yo‘l kompaniyasining g‘arbiy filiali boshlig‘i o‘rinbosari Tomas Skott bilan uchrashuv esa uning hayotini butkul o‘zgartirib yubordi. Skott xuddi Endryuga o‘xshagan ishchan xodimni izlayotgandi. 1853-yilda Endryu Karnegi «Pensilvaniya»da faoliyat ko‘rsata boshladi.
O‘z xodimlarini qadrlay biladigan Tomas Skott uni katta biznes dunyosiga olib kirdi. 1856- yilda Skott Endryuga hamkorlikdagi sarmoya asosida ishlashni taklif qildi. O‘sha zamonda 610 dollarlik mablag‘ kattagina bo‘lsa-da, hamkorlikni boshlash uchun Karnegi bu pullarni topdi va tez orada dastlabki dividendlarini qo‘lga kiritdi.
1856-yilning kuzida Skottni yuqori lavozimga ko‘tarishdi. U o‘z yordamchisini eski joyida qoldirmay, o‘zi bilan ergashtirib oldi va maoshini oyiga 50 dollar qilib quydi. Karnegi shu tariqa Pennsylvania Railroad qarorgohi joylashgan Altunga ko‘chib o‘tdi. U yerda uxlab ketiladigan vagonlar ixtirochisi Vudrof bilan tanishdi va Tomas Skotni Pennsylvania uchun ana shunday vagonchalar kerakligiga ishontirdi. Shu tarzda Endryu kelgusida anchayin sezilarli daromad keltirgan Vudrof idorasining 1/8 foiz aksiyasini oldi.
1 millionga aylangan 40 ming dollar
1859-yili Skott «Pensilvaniya» vitse-prezidentiga aylandi, dekabr oyida esa Karnegiga ish haqi 1500 dollar bo‘lgan g‘arbiy bo‘lim boshqaruvchiligini olib berdi. Karnegini mazkur pullar hayajonga solgani yo‘q, chunki bu vaqtga kelib u uxlab ketiladigan vagonlarga tikkan sarmoyasidan mumay daromad ola boshlagandi. 1863 yilda Karnegining umumiy daromadi 42 ming dollarni tashkil qilardi.
Daromadning o‘sishi Karnegiga do‘stlari bilan AQShning neft hududida ferma tashkil qilishiga yordam berdi. Buning uchun 40 ming dollar to‘lagan Endryu Karnegining o‘n yildan keyingi daromadi yiliga 1 million dollarga aylandi. Fermaning umumiy qiymati esa 5 million dollar edi. Ko‘p o‘tmay Karnegi eng badavlat insonlardan biri sifatida tilga olinadigan bo‘ldi.
1873-yildagi iqtisodiy bo‘hron moliya bozorida sarosima uyg‘otdi va o‘sha paytda Texas-Tinch okeanida temir yo‘l qurayotgan Karnegining ustozi Skott undan bu ishning 75 foizlik ta’minotini qamrab oladigan miqdorda qarz so‘radi. Karnegi avvaldan mazkur g‘oyaga ishonchsizlik bilan qarayotgan edi. Iqtisodiy manfaatparastlik do‘stlik munosabatlaridan ustun keldi va Karnegi Skottga yordam berishdan bosh tortdi.
Endryu Karnegi Amerika temir yo‘l kompaniyalari aksiyalarini Yevropaga tikkan birinchi tadbirkorlardan bo‘ldi. U konverter (eritilgan cho‘yan orqali havo o‘tkazib po‘lat hosil qiladigan pech) ixtirochisi Genri Bessemer bilan tanishdi. Karnegi endi bor diqqat-e’tiborini po‘lat ishlab chiqarishga qaratdi. U temir ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zavodlarni sotib olib, ularni po‘lat quyish zavodlariga aylantirdi. Oradan 6 yil o‘tib, Karnegi 1 million dollar evaziga Homestead Steel Works ni sotib olish darajasiga yetdi va mamlakatdagi temir va po‘lat ishlab chiqarishning 25 foizlik ulushini qo‘lga kiritdi.
1875-yilda yangi texnologiyalar asosida mamlakatdagi barcha relslarning 2,25 foizini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan «Edgar Tomson po‘lat zavodi» ochildi. 1900 yilda zavodning relslar chiqarishdagi ulushi 26,3 foizga oshdi. Talab esa yanada oshib borardi. O‘sha yili zavod keltirayotgan daromad 18.600 dollar bo‘lsa, 1900 yilga kelib bu raqam 40 millionga ko‘tarildi.
1901-yilda Karnegi hayotidagi eng yirik bitimga qo‘l urdi: u paylarini 480 million dollarga sotdi (Karnegiga shaxsan tegishlisi 300 million dollar). Dastlab Rokfeller 100 million dollar va 1,5 million dollarlik avans taklif qildi. Karnegi rad etdi va shimolda o‘zining temir yo‘lini qurishni boshlashini e’lon qildi (bu esa g‘irt yolg‘on edi). Mazkur qurilish boshqa magnat Jon Morganga ma’qul kelmadi va u ham Karnegiga zavodlarini sotishni taklif qildi. Bu safar narx 300 million dollarga ko‘tarildi va ikkovlon kelishdilar.
Kamayib ketgan boylik
«O‘ylay olmaydigan odam – telba, o‘ylashni istamagan kishi – ko‘r, intilmagan odam esa – quldir». Katta boylik sohibi, «po‘lat qiroli», millioner Endryu Karnegi ana shunday xulosaga kelgan edi. «Mening hayotim tarixi» kitobida Karnegi qanday qilib 400 million (hozirgi hisobda 130 milliard) dollar pul ishlab topgani haqida ochiqchasiga so‘z yuritgan.
Shotlyandiyalik bu sobiq muhojir bozor qoidalariga moslashib, yangi texnologiyalarga pul tikkan edi. Endryu Karnegi, hatto o‘ziga-o‘zi maslahatlar bergan. Shunday o‘gitlardan biri – 35 yoshda ishdan uzoqlashishdir, bunga o‘zi amal qilmagan, albatta. Ha, janob Karnegining so‘zlari ko‘pincha o‘z xatti-harakatlariga zid ham bo‘lgan.
1901-yil Karnegi o‘ziga daromad keltirgan biznesda faol ishtirok etgan oxirgi yil bo‘ldi. Keyin umrining so‘nggi lahzasigacha o‘zini xayriyaga baxshida etdi. «Inson o‘z umrining birinchi qismini boylik yaratish, ikkinchi qismini uni ulashishga bag‘ishlashi lozim», deb hisoblardi Karnegi. XX asr boshlarida u tinchlik uchun kurashchiga aylandi. 1907-yili Karnegi Tinchlik jamiyatini tashkil etdi. 1,5 million dollar mablag‘ evaziga Gaagada «Tinchlik saroyi»ni barpo qildi (bugun u yerda xalqaro sud faoliyat ko‘rsatmoqda). Shuningdek, urushning oldini olish maqsadida ulkan pullar sarfladi (shunga qaramay, afsuski, 1914-yilda baribir urush boshlandi). Karnegi tinchlik davrida vafot etganlar uchun qahramonlar fondini ham tashkil etdi.
Karnegining xayriya borasidagi boshqa yirik faoliyati kutubxonalar bilan bog‘liq. U o‘smirligida ko‘p vaqtini Jeyms Andersonning Pittsburgdagi «Ishchi yoshlar uchun bepul kutubxonasi»da o‘tkazardi. Sababi, ma’lumotidagi yetishmovchiliklar hayotda olg‘a siljishiga monelik qilardi. Karnegi 26 million dollar sarflab, o‘z nomi bilan ataluvchi 2811 ta kutubxonaga asos soldi. Bugun mamlakatning 40 foiz aholisi ushbu kutubxonalardan foydalanmoqda.
Endryu Karnegi konsert zallari barpo etilishiga ham pul sarfladi (1891-yili Karnegi-xollning ochilish marosimida P.Chaykovskiyning o‘zi dirijyorlik qilgan). Talaba va o‘qituvchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun ilmiy va o‘quv markazlari tashkil etildi: Pittsburgdagi Karnegi instituti va Karnegi texnologiya instituti 26 million, Vashingtondagi Karnegi instituti esa 22 million dollar oldi. Karnegi xayriyasi shu qadar keng qamrovli ediki, uning sohibining o‘limi arafasida ulkan boylik deyarli o‘n baravarga qisqardi.
Endryu Karnegi 1919-yilning 11-avgustida o‘z yurtida – Shotlandiyada hayotdan ko‘z yumdi.
Hech bir xalqning ahvoli xayr-ehson bilan yaxshilanib qolmaydi
Quyida Endryu Karnegining o‘ziga xos falsafasidan ayrim namunalarni o‘qiysiz...
Buyurilgan ishni bajarmaydigan va buyurilganidan ortiq ish qilmaydigan inson hech qachon yuqori natijalarga erisha olmaydi.
* * *
Men o‘zimning burchim deb hisoblagan aqidaga vijdonan yondashganman: to‘lashga qurbim yetishiga oldindan ishonch hosil qilmagan vaqtimda hech qachon vekselga imzo chekmaganman.
* * *
Ish sifati – har qanday korxonaning eng ishonchli poydevoridir. Keyinroq, ancha keyin narx haqida o‘ylab ko‘rish mumkin.
* * *
O‘ziga yordam qiladigan odamlarga beriladigan ko‘mak asosiy maqsad bo‘lishi kerak... Hech bir alohida shaxs, hech bir xalqning ahvoli xayr-ehson bilan yaxshilanib qolmaydi.
* * *
Keksa yoshda ozroq boylik kifoya, ulkan boylik baxtni ko‘paytirmaydi, balki kamaytiradi. Kulishni biladigan millionerlar kamdan-kam uchraydi...
* * *
Ehtiyojdan ortiq boylik – o‘z egasini umri mobaynida ushbu jamg‘armasini jamiyat manfaatiga xizmat qilishi uchun sarflashni burch deb hisoblovchi muqaddas yukdir.
* * *
Hayotda boylikdan ko‘ra ruh tetikligi katta ahamiyatga ega. Agar vijdon amri va o‘zingizni nohaq hisoblash orqali chaqirmagan bo‘lsangiz, o‘zingizdagi qayg‘uli fikrlaringizni quvib yuboring. Berns bizga vasiyat qilib qoldirgan hayotiy qoida hamisha yodingizda bo‘lsin: «O‘zingni vijdoning so‘roqqa tutishidan qo‘rq».
A.Fathullayev tayyorladi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter