Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bir prezidentga qirq hunar oz. Davlat rahbarlarining antiqa qiziqishlari haqida

Bir prezidentga qirq hunar oz. Davlat rahbarlarining antiqa qiziqishlari haqida

Foto: «oxu.az»

Dunyo davlat va hukumat rahbarlari ham oddiy odamlar kabi antiqa qiziqishu g‘ayrioddiy hobbilarga ega. Birovi xokkey desa o‘zini tomdan tashlaydi, boshqasi bo‘sh vaqtlarida azza-bazza kartoshka yetishtiradi, yana boshqa biri rep aytib xumordan chiqadi...

Golf «jinnisi»

AQSh prezidenti Donald Tramp golfning ashaddiy muxlisi o‘laroq nom chiqargan. Uzunquloq gaplarga qaraganda, hatto Oq uyda ham prezident vaqti-vaqti bilan mashq qilib turishi uchun simulyator o‘rnatilgan. Qo‘shma Shtatlar yetakchisi gohida hamkasblari bilan muhim siyosiy masalalarni ham o‘yin ustida muhokama qilishni afzal biladi.  

Foto: «usatoday.com» 

Milliarder prezidentning bir necha shaxsiy golf klubi ham bor. Ushbu klublar goh-gohida egasiga boshog‘riq ham keltirib turadi. Masalan, joriy yil yanvarda matbuotda prezidentga tegishli golf klublarida noqonuniy muhojirlar ishlayotgani haqida maqola chop etildi. Tanqidlarga bepisand siyosatchi bu gal ham matbuotning fosh etuvchi maqolasini yuragiga yaqin olib o‘tirmadi.

AQSh yetakchisining yana bir g‘ayrioddiy qiziqishi – kartina yig‘ish. Albatta, suvrat yig‘ish dunyo boylari orasida keng yoyilgan. Shunday ekan, buning g‘ayrioddiyligi nimada? Gap shundaki, boshqa davlatmandlardan farqli o‘laroq D.Tramp asosan o‘zi tasvirlangan kartinalarni yig‘ishga ishqiboz.

Darvoqe, tinib-tinchimas milliarder Oq uyga kelgunga qadar filmlarda suratga tushishga ham qiziqqan, bosh rollar bo‘lmasa-da, kichikroq personajlarni o‘ynagan.  

Bollivudga oshufta bosh vazir

Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson bo‘sh vaqtlarida lotin va qadimgi yunon tilini o‘rganadi. Allaqachon iste’moldan chiqqan tillarni o‘rganishning siyosiy arbobga nima keragi bor, deya e’tiroz bildirishga oshiqmang. Buni hobbi deb qo‘yibdi! Boshqalarga yoqadimi-yo‘qmi, muhimi, hobbi egasining ko‘ngil chigali yozilsa kifoya-da...

Foto: «forbes.ru»

Bir paytlar dunyoning oltidan birini idora etgan qudratli qirollik bosh vaziri hind kinosining ashaddiy muxlisi desak ishonasizmi? Ha, shunday, nasl-nasabi ota tomondan turklarga borib taqaladigan Boris Jonson hind filmlarini yoqtiradi.

U London hokimi vazifasida faoliyat yuritgan kezlar ishga velosipedda qatnashi bilan hammani hayron qoldirgandi. Hozir-ku lavozim mas’uliyati va xavfsizlik talabiga ko‘ra ishga velosipedda qatnay olmaydi. Ammo joni jasadiga sig‘maydigan bu arbob tumanli Albionda ikki g‘ildirakli ulovni ancha ommalashtirgani bor gap.

Bosh vazir, shuningdek, bo‘sh vaqtlarida qog‘oz qutilardan doubledecker – qo‘shqavat avtobuslar yasaydi. Ingliz yetakchisining so‘zlariga qaraganda, bu mashg‘ulot charchoqlardan xalos bo‘lishga yordam beradi.    

Dunyoning qudratli ayoli... kartoshka yetishtiradi

Germaniya hukumati rahbari, 65 yoshli Angela Merkel bog‘dorchilikka ko‘ngil qo‘ygan. Bo‘sh vaqtlarida shaxsiy bog‘idagi gulu nihollarni parvarishlaydi, hatto kartoshka yetishtiradi.

Olmon matbuoti A.Merkelga «binoyidek pazanda» deb ta’rif beradi. Albatta, kansler xonimning qo‘lidan taom yeyish hammaga ham nasib etavermaydi. Ammo butun Yevropada «aytgani aytgan, degani degan» siyosatchi ayolning oshxona yumushlarini unutmagani shoyon tahsinga loyiq. 

Foto: «pikabu.ru»

Buni qarangki, Merkel xonim siyosatning adoqsiz dahmazalaridan ortib futbol tomoshasiga ham boradi. Germaniya milliy termasining muhim o‘yinlarida tomoshabinlar qatorida sipogina kiyingan kansler xonimni tez-tez ko‘rish mumkin.

Birinchi raqamli xokkeychi

Belarus respublikasini chorak asrdan beri hormay-tolmay boshqarib kelayotgan Aleksandr Lukashenko ham olmon hamkasbi  kabi kartoshka yetishtirishni yoqtiradi. Ammo u Merkel xonimdan farq qilib, dala maydonida javlon urib mehnat qilayotganini ommaga ko‘z-ko‘z qilishni xush ko‘radi. 

Xokkey – Lukashenkoning eng sevgan sport turi. Ilhomi kelganda uning o‘zi ham xokkey tayog‘ini ko‘targancha maydonda paydo bo‘lib qoladi. Ajabki, birinchi raqam ostida o‘ynaydigan prezident jamoasi hamisha g‘alaba qozonadi. Tasodifmi? Kim bilsin, har bir tasodif zamirida qonuniyat bor, deyishadi-ku.

Foto: «Sputnik»

Belarus yetakchisining hayvonot olamiga ham mehri bo‘lakcha. Xos mulozimlarning guvohlik berishicha, davlat rahbari o‘z qarorgohida g‘oz, tovuq, quyon, sigir, ot, it, mushuk singari hayvonlarni saqlaydi.  

Kino va sport bir taraf, yadro o‘yini – bir taraf

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In, garchi sirtdan AQSh bilan «mushuk-sichqon» o‘yinini o‘ynasa-da, bolaligidan G‘arb ommaviy madaniyatiga oshufta. U Hollivud blokbasterlarini, xususan, Mel Gibson ishtirokidagi filmlarni sevib tomosha qiladi. Kim Chen In sport turlaridan basketbolga qiziqadi. AQSh basketbol yulduzi Dennis Rodman Shimoliy Koreya yetakchisining kunda-shunda mehmonlaridan.

Foto: «ntv.ru»

Dabdabali kechalar ham yosh «dohiy»ning jonu dili. Qariyb 26 million nufucli mamlakatning yakkahukmdori uyushtirgan ziyofatlar haqida uzunquloq gaplar yuradi. Jahon ahli, xususan, qo‘shni o‘lkalar rasmiy Pxenyanning huda-behuda raketa uchirishiyu yadro quroli bo‘yicha sinovlaridan yurak oldirib qo‘ygan. Butun dunyoni tahlika-sarosimaga solib qo‘yib, o‘zi bemalol bazmi jamshidlar uyushtirib yurgan rahbarga qoyil qolmay iloj yo‘q.  

Sermahsul adib, mohir mergan va chapdast poygachi 

Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning ham hobbisi bisyorgina. Bir qarasangiz, davlat rahbari harbiylarga merganlikdan saboq beradi, yana bir qarasangiz, avtopoygada qatnashib barcha ishtirokchilarni dog‘da qoldiradi.

Foto: «pikabu.ru»

«Orqadog‘» qalami ravon adib sifatida 40 dan oshiq kitob bitgan. Asarlar xilma-xil mavzuda ekani ham e’tiborga molikdir: prezident turkman gilami tarixidan tortib choyning foydali xususiyatlariga qadar tarannum etgan. Gurbanguli Berdimuhamedov bo‘sh vaqtlarida she’ru qo‘shiq ham ijod qiladi. Prezidentning yaqinda ot haqida kuylagan repi anchagina muhokamalarga sabab bo‘ldi. Turkmaniston yetakchisining serqirra faoliyatini kuzatib, siyosat maydoni va san’at sahnasi bir-biriga qanchalar uyqash-mushtarak ekaniga yana bir karra imon keltirasiz…

Sobir Salim

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring