Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bir kilo choy 15,5 ming dollarga sotildi

Bir kilo choy 15,5 ming dollarga sotildi

Bu xas emas, 15,5 ming dollarlik choy.

Foto: «Kyodo»

Yaponiyaning Sidzuoka shahrida qo‘lda o‘ralgan choyning bir kilosi 1,96 mln iyena yoki 15,5 ming dollarga baraka bo‘ldi — bunaqa kimoshdi savdolari tarixida bu rekord ko‘rsatkich, deb yozdi «Kyodo».

«Biz yaxshi rang va shakldagi choyni qo‘lga kiritdik», — dedi 35 yoshli ulgurji savdogar Natsuki Vada.

18 aprel kungi savdolar boshlangan tongda Sidzuokada yangi hosil choyining bir kilogrami o‘rtacha 5 ming iyenadan ($40 atrofida) sotilgan.

Choy sanoatining qamrovi va daromadgirligi modalar olami yoki alkogol ichimliklar sanoatidan oshsa-oshadiki, aslo kam emas. Choy kimoshdi savdo bozorlari dunyoda ko‘p, eng yaxshi choyni sinchilar — titesterlar tekshirib berishadi. Choy barglarining tashqi ko‘rinishi, xushbo‘yligi, o‘rami, bir tekisligi va hokazo belgilarini hisobga olishadi.

Choy kimoshdi bozorlarining eng obro‘lisi Guanchjou va Gonkongda. Bir kaft choy bir necha ming dollargacha chiqib ketishi hech gapmas. «Choylar shohi» esa Xitoyning «Da Xun Pao» navi hisoblanadi, uni ming yillik ona butalardan terib kelishadi, hozir bunaqa ko‘hna butalar juda oz qolgan.

2005-yilda ana shu choyning 20 grami o‘ta qimmatga — 208 ming yuanga baholangan (hozirgi kursda hisoblaganda ham 32 ming dollardan oshadi!). Boshqa auksionlarda sotilayotgan xuddi shu navli choy uncha qimmat yurmaydi, chunki sun’iy ravishda yetishtirilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring