Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bayden va Tramp o‘rtasidagi debat yakunlandi

Bayden va Tramp o‘rtasidagi debat yakunlandi

Foto: DW/Getty Images

Atlanta (Jorjiya shtati)da AQShning amaldagi prezidenti Jo Bayden hamda sobiq prezident Donald Tramp o‘rtasida ilk saylovoldi teledebati bo‘lib o‘tdi.

CNN telekompaniyasi tomonidan tashkil etilgan va to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatilgan teledebatning birinchi raundi 90 daqiqa davom etdi. Debatda ilk marotaba tomoshabinlar qatnashmadi, CNN boshlovchilari munozaralarni boshqarib, savollar berishdi.

Bayden va Tramp navbatma-navbat gapirishdi, ularning biri so‘zlayotganida ikkinchisining mikrofoni o‘chirib qo‘yildi.

Debatning birinchi qismi Amerikaning ichki masalalari — iqtisodiy muammolar, migratsiya, abort va boshqalarga bag‘ishlandi. Biroq munozara tezda xalqaro maydonga ko‘chdi.

Avvaliga Amerika qo‘shinining Afg‘onistondan shoshma-shosharlik bilan olib chiqilgani haqida gap bordi Trampning fikricha, «mamlakat tarixidagi eng sharmandali shu holat» keyinchalik Rossiyani Ukrainaga bostirib kirishga undagan.

«Umrim davomida bunchalik ko‘p bema’ni gaplarni eshitmaganman», — dedi unga javoban Bayden.

Tramp g‘alaba qozonsa rasman lavozimga kirishmay turib ham Rossiya-Ukraina nizosini bartaraf etishga navbatdagi marotaba va’da berdi. U Rossiya prezidenti Vladimir Putin tomonidan Ukrainada tinchlik o‘rnatish bo‘yicha qo‘yilgan shartlarni ma’qullamasligini qo‘shimcha qildi.

Debat davomida tomonlar tinmay bir-birlarini qoralab, yolg‘onchilikda aybladi. Hatto Bayden bir joyda raqibini «ko‘cha tilida» haqoratlashdan o‘zini tiyib turolmadi. Trampning harbiylar va faxriylarga munosabatiga to‘xtalarkan, Bayden sobiq prezidentni omadsiz, deb atadi. Trampning ta’kidlashicha, Bayden — tarixdagi eng yomon prezident.

Umuman olganda esa, debat G‘arb matbuotining hafsalasini pir qildi, turli munosabatlarda deyarli o‘xshashliklarni ko‘rishimiz mumkin.

Reuters agentligi kuzatishicha, Trampning so‘zlarida ko‘plab «noaniqliklar» bor, Bayden esa suhbatga bor diqqatini jamlay olmadi. New York Times ham shu fikrni davom ettirib, ayrim so‘zlar «noaniqliklar»dan tashqari, ochiqchasiga yolg‘ondan iborat ekaniga e’tibor berdi, nashr Baydenning o‘zini tutishini unga xos odatiy qat’iyatsizlik bilan bog‘ladi.

«Bayden Amerika xalqiga kuch-quvvatga to‘la, chidamli ekanini isbotlashi kerak edi, biroq buni uddalay olmadi»,Oq uyning jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha sobiq direktori Keyt Bedingfildning so‘zlarini keltirdi nashr.

Politico ham amaldagi prezidentni gaplaridagi chalkashliklar uzuq-yuluq fikrlashlar uchun tanqid qildi. Axios ekspertlari ham Baydenga shafqat qilib o‘tirishmadi — uning so‘zlarida xatoliklar hukmron.

CNN sobiq sharhlovchisi Kris Silitssa: «Bu debat Bayden uchun mutlaqo va uzil-kesil falokatli bo‘ldi. Uning qariligi sezildi. Javoblari tinmay uzilib qoldi, uni tushunish qiyin edi».

Axios reportyori Aleks Tompson: «Bayden jamoasiga uning yoshi haqida so‘zlashlari yoqmasdi, endi bunday gaplar yanada ko‘payadi».

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring