Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bayden Putinni hibsga olish haqidagi qarorga munosabat bildirdi

Bayden Putinni hibsga olish haqidagi qarorga munosabat bildirdi

AQSh prezidenti Jo Bayden Rossiya rahbari Vladimir Putinni hibsga olish haqida Xalqaro jinoiy sud chiqargan qarorni haqqoniy deb atadi. Oq uy sohibiga ko‘ra, Kreml xo‘jayini ochiqdan-ochiq harbiy jinoyatlar sodir etdi.

«Muammo shundaki, ushbu qaror dunyoning barcha mamlakatlarida ham, jumladan, bizda tan olinmaydi. Ammo, o‘ylaymanki, bu juda kuchli qadam bo‘ldi», – deydi J.Bayden.

Avval xabar berganimizdek, 17 mart kuni Haagada joylashgan Xalqaro jinoiy sud Rossiya prezidenti Vladimir Putin va bolalar huquqlari bo‘yicha ombudsman Mariya Lvova-Belovani hibsga olishga order berdi.

Ushbu qaror rus armiyasining Ukrainaga bostirib kirishi va uning oqibatida Ukrainadan bolalarning Rossiyaga noqonuniy deportatsiya qilinishi bilan izohlangan.

Rim statutini imzolagan 123 davlat xalqaro mahkama hujjatini bajarishga majbur. Ular orasida Yevropa, Janubiy Amerika davlatlari, shuningdek, Tojikiston hamda Afg‘oniston bor. AQSh va Rossiya bu hujjatga qo‘shilmagan.

AQSh Milliy xavfsizlik kengashi vakili Jon Kirbi CNN telekanali efirida «Agar Putin Qo‘shma Shtatlarga kelsa, xalqaro sud orderiga ko‘ra hibsga olinadimi?» degan savolga javob berishdan bosh tortgan. U Rossiya rahbarining AQShga kelishi dargumon ekanini aytish bilan cheklangan.

Eslatib o‘tamiz, prezident Jo Bayden 2021 yilda «Putinni qotil deb hisoblaysizmi?» degan savolga tasdiq ma’nosida javob qaytargan va ushbu ayblov xalqaro maydonda kuchli aks sado bergan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring