Atom agentligi Rossiyaga talab qo‘ydi
Atom energetikasi bo‘yicha xalqaro agentlikning (MAGATE) 67-sessiyasida Zaporoje atom elektr stansiyasini Rossiya zudlik bilan tark etishi lozimligi haqida qaror qabul qilindi.
Moskva AESdan barcha harbiylarini olib chiqish ketib, nazoratni Ukrainaga topshirishi talab etilgan.
Ko‘pchilik ovoz bilan ma’qullangan rezolyusiyaga olti davlat, jumladan, Rossiya, Xitoy va Eron qarshi ovoz bergan.
Hujjatda, shuningdek, xalqaro agentlik kuzatuvchilari Zaporoje AESni bemalol kuzatishi uchun sharoit yaratish lozimligi uqtirilgan.
MAGATEning bosh anjumani har yili sentyabr oyida tashkilotning Vena shahridagi qarorgohida o‘tkaziladi. 177 davlat vakillaridan iborat tuzilma atom energetikasiga oid muhim masalalarni muhokama qiladi.
Bu yilgi mashvaratda dolzarb mavzular qatorida Ukrainada yadro xavfsizligini ta’minlash ko‘rib chiqildi. Ukraina agentlikning boshqaruvchilar kengashiga ham qabul qilindi.
Ukrainaning Zaporoje viloyatida joylashgan AES dunyodagi 8-yirik atom stansiyasi sanaladi. 2022 yil mart oyida inshootni Rossiya harbiylari ishg‘ol qilgan. 2022 yil sentyabr oyida stansiya reaktorlari faoliyati xavfsizlik vajidan to‘xtatilgan.
Kiyev ma’muriyati Moskva Zaporoje AESda diversion harakatlarni ko‘zlayotgani haqida bong urib kelmoqda. Jumladan, Mudofaa vazirligi razvedka boshqarmasi rahbari Kirill Budanov yoz oylarida Rossiya harbiylari Zaporoje AESning 4 ta bloki va sovituvchi suv havzasini minalagani haqida ma’lum qilgan.
O‘tgan yilning mart oyida Rossiya qo‘shini Zaporoje AESni o‘qqa tutgani oqibatida yong‘in kelib chiqqan. Ushbu hodisa BMT Xavfsizlik kengashida ham muhokama qilingan. O‘shanda dunyo yirik yadro halokatidan omon qolgani haqida xabarlar tarqalgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter