Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Arablarning o‘z NATOsi bo‘ladimi?

Arablarning o‘z NATOsi bo‘ladimi?

Foto: «Tehran Times»

Co‘nggi haftalarda Yaqin Sharq mamlakatlari NATO kabi harbiy tuzilmaga asos solishi mumkinligi haqida xabar tarqaldi. Xususan, Iordaniya podshohi Abdulloh II AQShning CNBC telekanaliga bergan intervyusida mintaqada NATO kabi harbiy ittifoq tuzish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi. Iordaniya yetakchisi, ayni choqda, ittifoq aniq mexanizm asosida tashkil etilmas ekan, uning umri ko‘pga bormasligini ham tan oldi.

Yana sanoqli kunlardan keyin Saudiya Arabistonining Jidda shahrida Yaqin Sharq mamlakatlari sammiti bo‘lib o‘tadi. Ko‘rfaz mamlakatlari, shuningdek, Iordaniya, Misr, Iroq rahbarlari qatnashadigan sammitga faxriy mehmon sifatida AQSh prezidenti Jo Bayden ham taklif etilgan. Yaqin Sharqda harbiy ittifoq ta’sis etilishi borasidagi xabar ushbu yirik mashvarat arafasida tarqalgani e’tiborga molikdir. Qolaversa, bir necha kun avval Wall Street Journal nashri Misrning Sharm ash-Shayx shahrida AQSh shafeligida, Isroil, Saudiya Arabistoni, Qatar, Iordaniya va mezbon mamlakat vakillari ishtirokida maxfiy muzokara o‘tkazilgani haqida yozdi. Tahlilchilar Sharm ash-Shayx uchrashuvini umumiy tahdidga qarshi strategiya ishlab chiqish yo‘lidagi ilk qadam deb baholamoqda. O‘tgan hafta Isroil mudofaa vaziri Beni Gans ham AQSh rahbarligida Yaqin Sharq havo hujumidan mudofaa ittifoqi (MEAD) ta’sis etilayotganidan gap ochdi. Bularning bari mintaqa davlatlari harbiy ittifoq tuzish borasida qat’iy qarorga kelganidan dalolat berayotgandek.

Qayd etish joizki, mintaqa davlatlari birinchi navbatda Eronga qarshi kurashish uchun birlashmoqda. Yaqin Sharq mamlakatlari Tehron tomonidan olib borilayotgan yadro dasturini o‘z xavfsizligiga muqarrar tahdid deb biladi. Ular, ayni choqda, AQSh Eronga nisbatan yumshoq siyosati olib borayotganidan ham ochiq yozg‘iradi.  

Taxminlarga ko‘ra, Yaqin Sharq NATOsi Isroil, Misr, Iordaniya, BAA, Bahrayn, Marokash, Saudiya Arabistoni, O‘mon, Qatar va Kuvayt ishtirokida tashkil etiladi.  Eron bilan yaqin munosabatlarga ega Suriya, Yaman, Iroq va Livan harbiy ittifoqqa qo‘shilishi istisno etilmoqda.

Ayni choqda, bir guruh tahlilchilar Yaqin Sharqda harbiy ittifoq tuzilishiga ishonchsizlik bilan qaramoqda. Gap shundaki, NATO kabi birlashma ta’sis etilishi a’zo mamlakatlar o‘rtasida faol razvedka ma’lumotlari almashuvini taqozo etadi. Ammo hozirda mintaqa davlatlari o‘rtasida ishonch u qadar yuqori emas. Masalan, Saudiya Arabistoni va Isroil o‘rtasida josuslik ma’lumotlari almashuvini tasavvur qilib bo‘lmaydi.

«Ayni paytda mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish kun tartibidagi dolzarb masala bo‘lib qolmoqda. Ammo «Arab NATO»si g‘oyasi yaqin muddatda amalga oshishiga ko‘zim yetmaydi», – deydi Vashingtondagi Yangi Amerika xavfsizligi markazi tahlilchisi Bekka Vasser.

Ekspertlarning bu borada pessimistik xulosa berayotgani bejiz emas. Chunki mintaqada harbiy ittifoq tuzish bo‘yicha avvalgi urinishlar muvaffaqiyatsiz yakunlangan. 1950-yillarda Yaqin Sharqda ehtimoliy sovet bosqiniga qarshi CENTO tuzilmasi tashkil qilingan. Ammo samarasiz deb topilgan uyushma 1979 yilda tarqatib yuborilgan. AQSh prezidenti Donald Tramp davrida Yaqin Sharq strategik ittifoqi (MESA) tashkil etilishi e’lon qilingan, ammo bu tashabbus ham ro‘yobga chiqmay qolib ketdi.

Xulosa o‘rnida aytish joizki, maqola avvalida eslab o‘tilgan – Jidda shahrida o‘tishi kutilayotgan oliy darajadagi sammitdan keyin yangi harbiy ittifoq xususida uzil-kesil fikr aytish mumkin bo‘ladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring