Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Arab davlatlari Isroilni yashirincha qo‘llab-quvvatlamoqda

Arab davlatlari Isroilni yashirincha qo‘llab-quvvatlamoqda

Fotokollaj: The Times

Arab davlatlari jamoatchilik ko‘z o‘ngida Isroilning G‘azodagi harakatlarini qoralayotgan bo‘lsa-da, parda ortida Tel-Avivni HAMASga qarshi kurashda dastaklamoqda. Bu haqda «Bild» nashrining rus tahririyati ingliz va yahudiy matbuotiga tayanib xabar berdi.

«Arab mamlakatlari jamoatchilik yo‘rig‘iga yurgan holda Isroilni tanqid qilmoqda. Ammo ularning ko‘plari, jumladan, Ko‘rfaz mamlakatlari yetakchilari yopiq eshiklar ortida Isroil urushni muqarrar g‘alaba bilan yakunlashi va HAMASni yakson qilishiga xayrixohlik bildirmoqda», – deb yozdi Germaniyaning «Bild» nashri. 

Qayd etilishicha, arab davlatlari yetakchilari HAMAS harakatini o‘z hokimiyatini uchun tahdid deb biladi.

Avval xabar berganimizdek, 11 noyabr kuni Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan Arab davlatlari ligasi hamda Islom hamkorlik tashkilotining qo‘shma majlisida ham G‘azoda minglab tinch aholi vakillari o‘limiga sabab bo‘layotgan Isroilga qarshi amaliy choralar ko‘rish taklif rad etilgan edi.

Riyoz uchrashuvida qatnashgan aksar musulmon davlatlar Isroilni G‘azoda ommaviy qirg‘inni to‘xtatishga majburlash neft embargosini qo‘llash, Isroil bilan diplomatik va iqtisodiy munosabatlarni to‘xtatish, AQShning Yaqin Sharq mintaqasidagi harbiy bazalaridan Isroilga harbiy texnika yetkazishiga to‘sqinlik qilish, Isroilning arab davlatlari havo makonidan foydalanishini man etish kabi choralarni taklif etgan. 

Isroilni tiyishga qaratilgan mazkur takliflarga Saudiya Arabistoni, Misr, BAA, Iordaniya, Bahrayn, Sudan va Jibuti qarshi chiqqan.

Eron prezidenti Ibrohim Raisiyning Isroilni terrorchi tashkilot deb e’lon qilish taklifi ham rad etilgan.

Carnegie tahlil markazi Yaqin Sharq mintaqasi bo‘yicha direktori Amr Hamzaviy fikricha, arab davlatlari aholisi o‘z hukumatlaridan Isroilning G‘azodagi qirg‘inini to‘xtatish uchun amaliy harakatlar talab qilmoqda. Tahlilchi namoyishlar hozircha tinch ruhda ekani, ammo falastinliklar orasida qurbonlar soni oshishda davom etar ekan, qo‘shni arab o‘lkalarini ham zo‘ravonlik xarakteridagi norozilik harakatlari avj olishidan ogohlantirgan. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring