Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AQSh Rossiyaga yangi ayblov qo‘ydi

AQSh Rossiyaga yangi ayblov qo‘ydi

AQSh Rossiyani Ukrainada taqiqlangan kimyoviy qurol ishlatishda aybladi.

Davlat departamenti saytida tarqatilgan rasmiy bayonotga ko‘ra, Rossiya qo‘shini Ukraina qurolli kuchlari askarlariga qarshi xlorpikrin deb atalgan zaharli moddani qo‘llagan.

«Bu kabi kimyoviy vositalarni istifoda etish holati yagona deb bo‘lmaydi. Buni Rossiya kuchlarining Ukraina qo‘shini mustahkam pozitsiyalarini yorib o‘tish va jang maydonida taktik yutuqlarga erishish maqsadi bilan izohlash mumkin», – deyiladi bayonotda.

Davlat departamentiga ko‘ra, Rossiya ma’muriyati mamlakat ichida ro‘y bergan ommaviy norozilik namoyishlarini bostirishda ham xlorpikrin vositasidan foydalangan.

Xlorpikrin Kimyoviy qurollarni taqiqlash bo‘yicha Haaga tashkiloti qora ro‘yxatiga kiritilgan kimyoviy vosita bo‘lib, u terini kuydirish, katta hajmda qo‘llanganda esa mushaklarni falajlash xususiyatiga ega. Ushbu zaharli vosita ilk bor Birinchi jahon urushi davrida nemis qo‘shini tomonidan qo‘llangan.

Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov AQSh tomoni ayblovini quruq tuhmat deb atagan.

«Har doimgidek, bunday ayblovlar uchun biror dalil keltirilmagan, quruq gap-so‘z, xolos. Rossiya mazkur yo‘nalishdagi xalqaro huquqqa doir majburiyatlarini bajarishga sodiq qoladi», – degan Kreml voizi.

Ukraina tomoni Rossiya jang maydonida ko‘zdan yosh oqizuvchi CS («Siren» degan nom bilan mashhur) gazini ham qo‘llashini aytib keladi. Rasmiy Kiyev ma’lumotiga ko‘ra, kamida 500 nafar ukrain askari zaharli moddalar qo‘llanishi asoratlarini bartaraf etish uchun muolaja olgan.

Avval xabar berganimizdek, AQSh taqiqlangan kimyoviy qurol qo‘llangani vajidan Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar joriy etdi. Yangi cheklov Rossiyaning radiatsiyaviy, kimyoviy va biologik mudofaa qo‘shinlariga, shuningdek, Mudofaa vazirligining ilmiy-tadqiqot institutlariga tatbiq etiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring