Angliyada qonli oqshom

Politsiya Angliyaning Reding shahrida pichoq bilan qurollangan erkakning hujumi oqibatida uch kishi halok bo‘lganini tasdiqladi. Bu haqda Temza daryosi hududi politsiya boshqarmasi rasmiy saytida ma’lum qilingan.
Yana uch kishi jiddiy jarohat olib, shifoxonaga yotqizilgan. Politsiya boshlig‘i Iyen Xanterning so‘zlariga ko‘ra, ayni vaqtda hodisa terakt sifatida baholanmayapti, politsiya voqea sabablariga nisbatan shoshilinch xulosa chiqarmaydi.
Huquqni muhofaza qilish organlari uchta qotillik yuzasidan tergov harakatlarini boshlab yuborishgan. Redingda istiqomat qiluvchi 25 yoshli gumondor shaxs qo‘lga olingan. Politsiya uning sheriklari bo‘lganini hamda shahar aholisiga yana xavf solishi mumkinligini rad etmoqda.
20-iyun kuni kechasi Reding shahridagi «Forberi Gardens» markaziy bog‘ida noma’lum kimsa pichoq bilan fuqarolarga hujum qilgan. Huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari voqea joyiga yetib kelib, uni qo‘lga olishgan. Shifokorlardan iborat ikkita vertolyot va bir qancha tez yordam mashinalari ham hozir bo‘lishgan.
Reding London g‘arbida 65 kilometr uzoqlikda joylashgan. U yerda taxminan 350 ming kishi istiqomat qiladi. 20-iyun, shanba kuni shaharda «Black Lives Matter» («Qoralar hayoti muhim») harakatini qo‘llab-quvvatlovchi tinch namoyish bo‘lib o‘tgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter