Afrika muzliklari 2040-yilga borib yo‘qolib ketish xavfi ostida — Jahon meteorologiya tashkiloti
Iqlim o‘zgarishlari oqibatida Afrika qit’asidagi muzliklar 2040-yilgacha tugab bitishi mumkin. Bu haqda BMTning Jahon meteorologiya tashkiloti — JMT hisobotida so‘z boradi.
Afrikada iqlim isishi Yer yuzidagi boshqa mintaqalarga nisbatan tezroq kechmoqda, deyishmoqda olimlar. Shuningdek, Hind va Atlantika okeanlari sathi ko‘tarilishi Afrika sohillarida boshqa yerlardagidan yuqoriroq.
2040-yilga borib Afrikadagi tropik muzlik maydonlari —Tanzaniyadagi Kilimanjaro, Keniya tog‘i (Keniya) va Ugandadagi Ruvenzori tog‘ cho‘qqilaridagi muzliklar butunlay erib ketish xavfi ostida. Iqlim o‘zgarishlariga qarshi jiddiy choralar ko‘rilmas ekan, 100 milliondan ortiq inson o‘lim xavfi yoqasida qoladi.
Taklif etilayotgan chora juda qimmat: inson faoliyatini o‘zgartirish kerak, buning uchun Afrika mamlakatlari yiliga 30–50 milliard dollardan kam bo‘lmagan (YaIMning 2-3 foizi) miqdorda mablag‘ sarflashlari talab etiladi.
Jahon meteorologiya tashkilotining fikricha, Afrikada yashovchi 1,3 milliard kishi global isish qarshisida ojiz qolishi adolatsizlik. Chunki bu qit’aning 54 mamlakati birgalikda chiqarayotgan issiqxona gazlari jahondagi ko‘rsatkichning 4 foizini ham tashkil etmaydi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter