Afg‘onistondagi portlashda qurbonlar soni 57 taga yetdi
Kuni kecha saytimizda Afg‘oniston poytaxti Kobul shahridagi saylovchilarni ro‘yxatga olish binosi oldida bomba portlashi oqibatida 31 kishi halok bo‘lgani, jarohatlanganlardan 50 nafari shifoxonalarga yotqizilgani, hukumat qurbonlar soni ortishidan tashvishda ekani haqida xabar bergan edik.
«RIA Novosti»ning Afg‘oniston ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga tayanib bildirishicha, qurbonlar soni 57 nafarga, jarohatlanganlar esa 119 kishiga yetgan.
Mamlakatda shu yil 20-oktyabr kuni parlament saylovi o‘tkaziladi. Shu munosabat bilan 14-apreldan saylovchilarni ro‘yxatga olish ishlari boshlangan.
Paytdan foydalanib terrorchi guruhlar Kobul va Bag‘lon shaharlaridagi saylovchilarni ro‘yxatga olish binosi oldida portlashlar sodir etgan. Jami 64 kishi halok bo‘lgan, 139 kishi jarohatlangan.
Besh kun oldin ham G‘ur viloyatidagi saylovchilarni ro‘yxatga olish binosiga hujum uyushtirilib, 5 kishi garovga olingan edi.
Portlashlarni IShID o‘z zimmasiga oldi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter