Afg‘onistonda mahbuslar qiynoqqa solinmoqda
Afg‘onistonda milliy xavfsizlikka tahdid yoki terrorizm bilan bog‘liq jinoyatlarda gumon qilinib hibsga olinganlarning deyarli uchdan bir qismi qiynoqqa solingan va ularga nisbatan yomon munosabatda bo‘lishgan. Bu haqda BMTning Afg‘onistondagi missiyasi va BMTning Inson huquqlari bo‘yicha byurosining yangi qo‘shma hisobotida xabar berilgan. U 2019-yil 1-yanvardan 2020-yil 31-martgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi.
Hisobotni tayyorlashda BMT rasmiylari 63 ta hibsxonada bo‘lib, terrorizmga aloqadorlikda gumon qilinayotgan, ayblanayotgan va ilgari bunday jinoyatlar uchun sudlangan 656 nafar erkak, ayol va bolalar bilan suhbat o‘tkazgan. So‘ralganlarning 30 foizdan ko‘prog‘i qiynoqqa solingani va kaltaklangani haqida xabar bergan.
«Qiynoqlar xalqaro qonunchilikda ham, Afg‘oniston qonunchiligida ham taqiqlangan. Har qanday holatda ham bunga yo‘l qo‘yilmaydi va oqlanmaydi», — deya ta’kidlaydi BMTning inson huquqlari bo‘yicha mutaxassislari.
Hisobot mualliflari hibsga olinganlarga protsessual kafolatlar berilmaganligi, ularga o‘z huquqlari haqida xabar berilmagani hamda advokatlar xizmatidan foydalanishga yo‘l qo‘yilmagani haqida ta’kidlab o‘tgan. Hibsga olinganlarning faqat bir nechtasiga tibbiy yordam ko‘rsatilgan yoki oilalari bilan muloqot qilishga ruxsat berilgan.
Ularning deyarli yarmi o‘zlarining ayblov hujjatlari mazmuni bilan tanishishlariga yo‘l qo‘ymasdan, imzo chekishga majbur bo‘lishgan.
Bunday qonunbuzarliklar gumonlanuvchilar tomonidan berilgan ko‘rsatmalarning to‘g‘riligini va umuman ularga qarshi sud ishlarining qonuniyligini shubha ostida qoldiradi, deya aytib o‘tishgan ekspertlar.
Hisobot mualliflari hibsga olingan va sudlanuvchilarning huquqlariga rioya qilish aholining davlatga va, xususan, huquqni muhofaza qilish idoralariga bo‘lgan ishonchining o‘sishiga yordam berishini ta’kidlamoqda.
Mutaxassislar Afg‘oniston hukumati tomonidan hozirda hibs joylarida qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar ko‘rilganini ham eslab o‘tganlar. Ular hibsxonalarda mahbuslarga nisbatan qiynoqlar boshqa takrorlanmasligiga umid qiladilar.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter