20 yildan beri qochib yurgan qotil o‘qituvchi qo‘lga tushdi
Xitoyning Szyansi provinsiyasida 20 yildan beri qochib yurgan va qonun oldida javobgarlikdan yashirinib kelgan seriyali qotil Lao Junchji ustidan sud jarayoni boshlandi. Bu haqda «AsiaOne» xabar berdi.
1993-yili Szyansida boshlang‘ich maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlagan 19 yoshli Lao o‘g‘rilik qilgani uchun sakkiz yil qamalib chiqqan Fa Sziin bilan tanishib qoladi. Ular bir-biriga ko‘ngil qo‘yishadi va bir necha yillar davomida bosqinchilik, odamlarni olib qochish va o‘ldirish bilan shug‘ullanishadi.
Ikkita qotillikdan so‘ng 1999-yilda Xitoy politsiyasi ularning iziga tushadi. Er-xotin ijarada yashayotgan Xefey shahrida Fa qo‘lga tushadi. U suddan so‘ng o‘lim jazosiga hukm qilinadi va qatl etiladi.
Lao esa ta’qibdan qochib qutuladi. U ismini o‘zgartiradi, Xefeydan ketadi va 20 yil davomida yashirinib yuradi. 2019-yil noyabrda Futszyan provinsiyasi Syamin shahrida uni hibsga olishadi. Laoni qo‘lga tushirishganda u savdo markazida tanishi ochgan do‘konda qo‘l soatlari bilan savdo qilayotgandi.
Ayol 1996-yildan 1999-yilgacha qasddan sodir etgan yettita qotillikda, shuningdek, talonchilik va odam o‘g‘irlashda ayblanmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter