Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

15 yoshli Islom Moskvadagi teraktda yuzdan ziyod odamning hayotini saqlab qoldi

15 yoshli Islom Moskvadagi teraktda yuzdan ziyod odamning hayotini saqlab qoldi

Moskva viloyatidagi «Krokus siti holl» majmuasida garderobchi bo‘lib ishlagan 15 yoshli Islom Xalilov 22-mart kungi qonli terakt payti 100 dan ziyod insonni qutqardi.

Yosh bo‘lishiga qaramay, favqulodda og‘ir vaziyatda o‘zini darhol qo‘lga olgan o‘smir jon talvasasida yo‘l topolmayotgan odamlarni chiqish eshigi tomon boshladi. Shu tariqa ular muqarrar qirg‘indan omon qoldi.

Islom Xalilov jurnalistlarga o‘sha mash’um kun haqida so‘zlab berar ekan, birinchi qavatda shovqin-suron ko‘tarilgan paytda dastlab eskalator buzildi degan xayolga borganini aytadi.  

«Keyin odamlar yugurishga, baqirishga tushdi. Men o‘sha lahzada qo‘rqib o‘tiraversam, nafaqat o‘zim, balki yuzlab odam ham bevaqt o‘lim topishini tushunib yetdim. Avvaliga biroz hadiksiradim. Odamlarni boshlab ketar ekanman, ular (terrorchilar) granata uloqtirishi yoki o‘qqa tutishi mumkin edi-da. Xayriyat, eshikni ochishga muvaffaq bo‘ldim va hammamiz tashqariga chiqdik», – deydi Islom Xalilov.

Maktabda tahsil olayotgan Islom bo‘sh vaqtlarida uch-to‘rt so‘m topish uchun «Krokus siti holl»da garderobchi bo‘lib ishlab kelgan. O‘smirning o‘zi Rossiyada tug‘ilgan. Ota-onasi esa Qirg‘izistonning Jalolobod va O‘sh viloyatlaridan.

Rossiya Federatsiyasi Musulmonlar idorasi rahbari Ravil G‘aynuddin 15 yoshli qahramon Islom Xalilovga «Xizmatlari uchun» medali berilishini ma’lum qildi.

Davlat dumasining oilani muhofaza etish qo‘mitasi ham jasur o‘smirni mukofotlash lozim degan fikrda.

«Yigitchaning jasorati hurmat va e’tirofga loyiq. Qo‘mitamiz Davlat dumasi raisi va Davlat dumasi kengashiga uni faxriy yorliq bilan mukofotlash masalasida murojaat qiladi», – deydi qo‘mita raisi Nina Ostanina.

Avval xabar berganimizdek, 22-mart kuni Moskva viloyatida joylashgan «Krokus siti holl» majmuasida yirik terakt sodir etildi. Konsert o‘tishi kutilayotgan binoga qurollangan shaxslar bostirib kirib, odamlarga qarata o‘t ochgan. Majmuada portlash va yong‘in ham ro‘y bergan.

So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, qo‘poruvchilik harakati oqibatida 133 kishi halok bo‘ldi, 154 kishi jarohatlandi. Rasmiylar qurbonlar soni oshishi mumkinligini aytmoqda.

Rossiya Federal xavfsizlik xizmati direktori Aleksandr Bortnikov teraktga aloqador 11 kishi, jumladan, qirg‘inni sodir etgan 4 nafar terrorchi ushlanganini ma’lum qilgan.

Qo‘poruvchilik harakati ortida kim turgani borasida turli taxmin-tusmollar ilgari surilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring