123 kun bir-biriga kishanlangan oshiq-moshiq zanjirni uzishdi-yu, ajralishdi
Ukrainada to‘rt oy davomida bir-biriga kishanlangan yigit-qiz zanjirni uzishdi-yu, ajralishdi. Bu haqda STRANA.ua nashri xabar bermoqda.
Joriy yil 14-fevral kuni Kiyevda Aleksandr va Viktoriya Ginnesning rekordlar kitobiga kirish uchun 3 oyga o‘zlarini zanjirband qilib qo‘yishdi. Rekord qayd etilgandan so‘ng ular zanjirni uch million dollarga sotishni rejalashtirdilar, shundan ikki million dollarini xayriya ishlariga sarflanishi kerak edi.
14-may kuni zanjirni olib tashlash vaqti keldi. Ammo yigit bilan qiz auksion o‘tkazilgunga qadar uni o‘z qo‘llarida saqlab turishga qaror qilishdi.
«Uch oy, 89 kun, 2136 soat va 128,160 daqiqa qo‘llarimiz muhabbat zanjiri bilan bog‘lab qo‘yildi», — deb yozishdi sevishganlar ijtimoiy tarmoqlarda.
26-may kuni Aleksandr va Viktoriya nikohni ro‘yxatdan o‘tkazgandan keyin turmush qurish va zanjirni olib tashlash niyatida ekanliklarini e’lon qilishdi.
17-iyun kuni ular Kiyevda, 123 kun oldin kishanlangan xuddi o‘sha joyda zanjirni uzishdi. Shundan so‘ng sevishganlar ajralishga qaror qilganliklari haqida ma’lum qilishdi. Ularning aytishicha, zanjir bo‘lmaganida munosabatlari allaqachon tugagan bo‘lardi.
«Mutlaqo boshqa-boshqa odammiz, bir-birimizga umuman mos kelmaymiz. Hammasini xotirjam muhokama qilgach, ajralishga qarorga qildik. Nima uchun bunday bo‘ldi? Rostini aytsam, bitta sababni alohida ajratib aytolmayman, ko‘p narsalar to‘g‘ri kelmadi», — dedi Aleksandr.
Endi sobiq oshiq-moshiq zanjirni sotish uchun auksion o‘tkazilishini kutishmoqda. Xayriyadan qolgan pulni ikkiga bo‘lib olishmoqchi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter