IT-Park korxonalarida yoshlar yuqori daromadli ish joylari bilan ta’minlandi
Shu yilning 29-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Astrum» IT-akademiyasida AKT sohasi mutaxassislari, «ayti»chilar bilan uchrashib, «Butun O‘zbekiston yoshlarining «ayti» sohasidagi intilishlariga katta turtki berish va motivatsiya berish uchun keldim» deya ular bilan samimiy muloqot o‘tkazgandi.
Ochiq muloqot davomida Prezident soha oldiga to‘rtta muhim vazifa qo‘ygan, o‘z navbatida, «ayti»chilar ham ko‘ngillaridagi bor gaplarini aytib, o‘z takliflarni berishgandi.
E’tiborlisi, uchrashuv davomida davlat rahbari «ayti»chilarning deyarli barcha takliflarini qo‘llab-quvvatladi. Shu o‘rinda xolisona qayd etish joiz, so‘nggi uch yil davomida Prezident IT-Park va uning hududlaridagi bo‘limlariga 5-6 marta tashrif buyurgan, har gal uchrashuvda bu yo‘nalishni yana kuchaytirish yuzasidan o‘z maslahatlarini berib, muhim vazifalarni belgilab bergandi. «Astrum»dagi jonli muloqot esa Davlat rahbarining sohaga katta ishonchini ifodalaydi hamda bu AKT orqali yoshlar bandligini ta’minlash, mamlakat iqtisodini ko‘tarishda raqamlashtirish jarayonlarini yanada tezlashtirishga katta e’tibor qaratayotganidan dalolatdir.
Kecha, 2-avgust kuni AKT vazirligining ushbu uchrashuvdan kelib chiqadigan vazifalar va yana bir qancha muhim masalalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan Hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda asosan sifatli xizmat ko‘rsatish, hududlarda ham «ayti» sohasini rivojlantirish orqali ish o‘rinlarini yaratish masalalarga alohida urg‘u berildi. Bu boradagi muammoli masalalar tahlil qilindi, kamchiliklar tanqid ostiga olindi va ularning yechimlari belgilab olindi.
AKT vaziri, Hay’at raisi Sherzod Shermatov yig‘ilganlar e’tiborini joriy yilning I yarmida IT-Park rezidentlari tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi, ish bilan ta’minlanganlar va o‘zini o‘zi band qilganlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarga qaratdi.
Xususan, respublika bo‘yicha IT-Park rezidentlari tomonidan 1 900 mlrd. so‘mlik xizmatlar ko‘rsatilgan, o‘tgan yilning shu davrida bu miqdor 989 mlrd. so‘m edi. Ular tomonidan o‘tgan yilning shu davrida amalga oshirilgan IT-xizmatlar eksporti 17 mln. dollar bo‘lgan bo‘lsa, joriy yilning shu davrida bu raqam 50 mln. dollarni tashkil qildi. O‘sish qariyb uch barobarga yetdi.
Bu borada hududlar kesimida Toshkent shahridan tashqari, Xorazm, Namangan va Jizzax viloyatlarida salmoqli o‘sishga erishilgan. Yil boshida IT-Park rezidentlari tomonidan ish bilan ta’minlanganlar soni 9818 nafar bo‘lgan bo‘lsa, o‘tgan olti oy davomida yana 2682 nafar yoshlar ishli bo‘lishiga erishildi. Bu raqam hozirda IT-Park korxonalarida 12,5 ming nafar yosh yuqori daromadli ish joylari bilan ta’minlanganini anglatadi.
AKT sohasida o‘zini o‘zi band qilganlar soni yil boshida 18712 nafar bo‘lgan bo‘lsa, 1 iyul sanasida bu ko‘rsatkich 42 365 nafarni tashkil qildi. Ya’ni, yil boshiga nisbatan o‘zini o‘zi band qilganlar soni yana 23653 kishiga ko‘paygan.
O‘tgan davrda O‘zbekiston xorijiy «ayti» kompaniya va mutaxassislar, ya’ni relokantlarni jalb qilishda yaxshi natijalarga erishdi.
Majlisda mutasaddilarga relokantlarni O‘zbekiston bozoriga jalb qilish, ularning faoliyatini respublikamizda yanada kengaytirish bo‘yicha ishlarni tizimli tashkil etish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi. Shuningdek, Hay’at yig‘ilishida raqamli industriyani rivojlantirish doirasida yoshlarning startap loyihalarini yanada qo‘llab-quvvatlash umumiy mukofot jamg‘armasi bir million AQSh dollari bo‘lgan Prezident tanlovini o‘tkazish, AKT sohasida masofaviy ta’lim sifatini oshirish, yoshlarning zamonaviy IT-kurslarni va kasblarni o‘rganishlari uchun imkoniyat yaratish hamda «Bir million dasturchi» loyihasining mantiqiy keyingi bosqichini davom ettirish yuzasidan vazifalar belgilandi. Shuningdek, majlisda telekommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish, BPO-markazlarini ko‘paytirish, ijro intizomi singari masalalar ham alohida muhokama qilindi.
Yaqinda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi departament boshlig‘i Akmal Savurbayev Jizzax viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi. Shu munosabat bilan majlisda hamkasblar Akmal Savurbayevning yangi ishida ulkan muvaffaqiyatlar tilashib, ezgu niyatlar bildirishdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter