Yadro texnologiyalari qay tarzda insonlar hayotini saqlab qolishga yordam berayapti?
Elektr quvvati, issiqlik ishlab chiqarish, tibbiy buyumlarni sterilizatsiya qilish, oziq-ovqatga ishlov berish bilan saraton kasalligiga tashxis qo‘yish va davolash o‘rtasida qanday o‘xshashlik bor? Bir qaraganda bir-biriga umuman o‘xshamaydigan bu sohalarni bitta narsa – yadro texnologiyalari birlashtirib turadi. Hozir ularning yordami bilan modda va materiallarning xususiyatini o‘zgartirishdan tashqari insoniyat oldida turgan dolzarb masalalarni hal qiladigan innovatsiyaviy texnologiyalarni ham yaratish mumkin.
Saraton hujayralariga zarba beradigan texnologiya
Yadro reaktorlari nafaqat issiqlik va elektr quvvati beradi, balki ko‘pdan-ko‘p kasallik, shu jumladan, saraton kasalligini ham o‘z vaqtida diagnostika qila oladigan va davolaydigan tibbiy radioizotoplar chiqarishi mumkinligini ko‘pchilik bilmaydi. O‘zbekistonda onkologiya kasalligi bilan og‘riyotganlarni davolash anchagina muhim masala bo‘lib turibdi. Ezgu Amal jamg‘armasining ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda onkologik kasalliklarning tuzalish ko‘rsatkichi rivojlangan davlatlarga nisbatan ancha orqada qolgan.
Xorijiy amaliyotda onkologiyaga qarshi kurashda bir qancha zamonaviy usullarni qo‘llashadi, bu borada, xususan, yadro tibbiyoti bir necha o‘n yillardan buyon alohida o‘rin egallab kelmoqda. Hozirgi kunda juda tez rivojlanayotgan yo‘nalishlardan biri — radionuklidli diagnostika va terapiya bo‘lib turibdi. Radionuklidli terapiyada radionuklidlar aynan shish bor joyga yuboriladi va o‘sha joyning o‘ziga ta’sir qiladi. Davolashning bu usulida shish yonidagi a’zolarga zarar yetmaydi va ular shikastlanmaydi. Shuning uchun ham bunday davolash ko‘pincha «tanlab davolash» usuli deyiladi. Shu soha ekspertlarining ma’lumotiga ko‘ra, agar kasallik vaqtida aniqlangan bo‘lsa, bu usul bilan davolashning samarasi 95 foizgacha yetadi.
Izotop usulida bemorlarni davolashning ijobiy ta’siriga qaramasdan bu usul yordamida kasallarni keng davolashga imkoniyat haligacha chegaralanganligicha qolmoqda. Birinchi navbatda, bu infratuzilma yaxshi rivojlanmagani, radioizotop olish texnologiyasi murakkabligi va uning narxi baland ekani bilan bog‘liq.
Mahalliy sanoatda olinadigan izotop
Hozir O‘zbekiston tibbiy izotop ishlab chiqaradigan davlatlar sirasiga kiradi. Misol uchun, turli kasalliklarga tashxis qo‘yish uchun texnetsiy-99m ko‘p qo‘llanadi. Nurlanishi yengil bo‘lgani uchun bu izotop inson organizmiga zarar qilmaydi, yarim parchalanish davri juda kam va bir necha soatda organizmdan chiqib ketadi. Hozir dunyoda bir fotonli emissiyali kompyuter tomografiyasi (BFEKT) bilan o‘tkaziladigan diagnostikaning 80 foizida texnetsiya-99m qo‘llanadi. Ya’ni yiliga 30 milliondan ko‘p bemor shu usul bilan ko‘rikdan o‘tadi. Terapiyada, shuningdek, yod 125 li buyumlar ko‘p qo‘llanadi va bu izotop ishlab chiqarish bo‘yicha O‘zbekiston dunyoning yetakchi davlatlari qatoriga kiradi. Texnetsiy-99m esa O‘zbekistonda o‘tgan asr 70-yillarning oxiridan hozirgi davrgacha ishlab chiqariladi. Bu izotop Yadro fizikasi institutida (YaFI), VVR-SM tadqiqot reaktori bazasida olinadi.
O‘zbekiston yadro tibbiyotidagi birinchi yo‘nalish — nur bilan davolash bo‘ldi. Keyingi yo‘nalishga esa radionuklid diagnostikasi va shu usul bilan davolash kiradi. Oxirgi 8-10 yil shifokorlar suyak kasalliklarini davolaydigan va og‘riq qoldiradigan samariy-153 oksabifor preparatini ko‘p qo‘llashayapti. Samariya-153 preparati ham YaFI (mamlakatimizdagi Yadro fizikasi instituti)da ishlab chiqariladi, xususan, O‘zbekiston shifoxonalariga chet elning shunga o‘xshash preparatlaridan 40 marta arzon yetkazib beriladi.
YaFI bu boradagi mamlakatimiz ehtiyojini qanoatlantirishdan tashqari dunyoning 12 ta davlatiga, xususan, AQSh, Rossiya, G‘arbiy Yevropa va Janubiy Sharqiy Osiyo davlatlariga ham o‘z mahsulotini eksport qiladi. Tibbiy maqsadda ishlatiladigan izotoplar eksportining hajmi yiliga taxminan 3 mln AQSh dollarini tashkil etadi.
Istiqbolda izotoplar eksportini ko‘paytirish reja qilingan
Tibbiy izotop mahsuloti ishlab chiqarishni ko‘paytirish, tannarxini kamaytirish va shuning natijasida uning bemorlarga arzonroq bahoda yetkazib berish — institut kelajakda hal qilishi lozim bo‘lgan alohida vazifa hisoblanadi.
Institut yangi radionuklidlar ishlab chiqarish texnologiyalarini yaratish va ular asosida tayyor radiofarmatsevtik preparatlar olish borasida doimiy tadqiqotlar o‘tkazadi. Misol uchun, 2019 yil onkologik kasalliklarni davolashda qo‘llanadigan lyutetsiya-177ni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi va bu mahsulot turini chiqarish yildan-yilga ko‘payib bormoqda.
Bundan tashqari, institut yuqori quvvat bilan ishlaydigan yangi siklotron qurishni reja qilayapti. Yangi siklotron ilmiy tadqiqotlar o‘tkazishdan tashqari sanoat va tibbiyot uchun radioizotop mahsulotini chiqarish imkoniyatini ham beradi.
Agar shu o‘ylangan rejalar amalga oshsa, O‘zbekistondagi yadro tibbiyoti rivojlanishining yangi bosqichiga o‘tdi, deyishimiz mumkin bo‘ladi. Shunda respublikamiz yadro texnologiyalari hozirgidan ham ko‘proq insonlar hayotini saqlab qolishga yordam beradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter