Xorazm viloyati hokimligi AKT rivoji uchun 21 milliard so‘m ajratdi (foto)
O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Xorazm viloyati hokimligi tomonidan «Hududlarda axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasini rivojlantirishda mahalliy davlat hokimlik organlari bilan hamkorlik munosabatlari» mavzuida respublika seminari tashkil etildi.
Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Urganch filialida bo‘lib o‘tayotgan ushbu tadbirda AKT sohasida hududlarda amalga oshirilayotgan loyihalar bilan yaqindan tanishish va tajriba almashish, erishilgan natijalarni tizimdagi korxonalar o‘rtasida keng targ‘ib qilish, soha xodimlarining kasbiy malakasi va bilim darajasini oshirish masalalari ko‘rilmoqda.
«Xabar.uz» muxbirining Xorazmdan xabar berishicha, seminarning ochilishida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov va Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov so‘zga chiqqan.
— Keng maqsadlarni ko‘zlagan mazkur seminar viloyat hokimligi bilan birinchi marotaba o‘tkazilmoqda, — dedi Shuhrat Sodiqov. — Seminar o‘zaro tajribalar almashishga, yangi g‘oyalar tug‘ilishiga katta turtki, beradi, deb o‘ylayman. Davlatimiz rahbarining tashabbusiga asosan hududlarda yoshlarni bo‘sh vaqtlarni mazmunli o‘tkazish, kasb-hunarga o‘rgatish, axborot texnologiyalari bo‘yicha savodxonligini oshirish maqsadida Raqamli texnologiyalari o‘quv markazlari tashkil qilinyapti. Shunday markazlar, Namangan, Sirdaryo, kuni kecha Buxoro viloyatida ochildi.Xorazm viloyatida 2019-2020-yillar davomida ana shunday markazlardan 12 ta tashkil etiladi va bu markazlarda 11 mingdan ziyod xorazmlik yoshlar o‘qitiladi, 1061 ta maktabgacha ta’lim, xalq ta’limi va sog‘liqni saqlash muassasalari yuqori tezlikdagi internet tarmog‘iga ulanadi, mazkur maqsadlar uchun qariyb 111 mlrd. so‘m mablag‘ sarflanishi rejalashtirilgan.
Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov viloyatda telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish uchun mahalliy budjetdan 21 milliard so‘m ajratilishini aytdi va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha hamkorlik yanada kuchayishiga tilak bildirdi.
Shundan so‘ng, seminar ishtirokchilari TATU Urganch filialidagi ishlar bilan tanishishdi. Xususan, AKT vaziri va Xorazm viloyati hokimi ishtirokida filialda sport majmuasi, Axborot texnologiyalari va innovatsiyalar markazi, 200 o‘rinli talabalar oshxonasi ochildi.
Talaba-yoshlar turizm, tibbiyot, tijorat, xavfsiz hudud, «Aqlli uy» singari innovatsion loyihalari taqdimotini o‘tkazishdi. Mutaxassislar AT «Aloqabank» bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan asalarichilik faoliyati haqida so‘zlab berishdi.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov vazirlik tomonidan TATU Urganch filialining Axborot texnologiyalari va innovatsiyalar markaziga «Damas» avtomobilini sovg‘a qildi.
Vazirlik tomonidan Xorazm viloyat xalq ta’limi boshqarmasi bilan hamkorlikda Urganch shahridagi 30-maktabda kompyuter texnologiyalari, robototexnika, kibersport bo‘yicha maxsus to‘garak tashkil etilgan. AKT vaziri va viloyat hokimi mazkur to‘garakda bo‘lib, o‘quvchilar bilan suhbatlashishdi, ularga kitoblar sovg‘a qilishdi.
Shuningdek, shu kuni Xiva shahrida Raqamli texnologiyalar markazi ochildi. Tadbirda AKT vaziri hamda Xiva shahar hokimi ishtirok etdi. Tadbir ishtirokchilari shahardagi Xiva aloqa tarixi muzeyi faoliyati bilan ham tanishishdi.
Ikki kunlik seminar davom etmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter