Xitoydagi elchimiz «Huawei» bosh ofisida TATU talabalari bilan uchrashdi
O‘zbekistonning Xitoy Xalq Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi Baxtiyor Saidov shu kunlarda «Huawei» kompaniyasida malaka oshirayotgan TATU talabalari bilan uchrashdi.
Joriy yilning iyun oyi boshida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining 10 nafar talabasi «Huawei» kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan «Kelajak nihollari» dasturi doirasida Xitoyga ikki haftalik amaliyot o‘tash uchun jo‘nab ketgan edilar.
Bugun, 14-iyun kuni «Huawei» bosh ofisida «Kelajak nihollari»da ishtirok etgan talabalarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi Baxtiyor Saidov talabalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tadbirga tashrif buyurdi.
Baxtiyor Saidov mamlakatimiz taraqqiyoti uchun IT sohasida yosh-malakali mutaxassislarni tayyorlash muhimligini ta’kidlab, «Huawei» kompaniyasining O‘zbekistonda ta’lim va tadqiqot dasturlarini rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasi uchun minnatdorchilik bildirdi.
Amaliyot dasturi Xitoyning ikki yirik markazi — Pekin va Shenchjen shaharlarida tashkil etildi. Amaliyot dasturi davomida TATU talabalari uchun «Huawei» kompaniyasining 5G, big data, bulutli texnologiyalar bo‘yicha treninglar o‘tkazildi. Shuningdek, talabalar Xitoy madaniyati va diqqatga sazovor joylari bilan tanishtirildi.
Talabalar 5G, BIG DATA, kompaniyasining shaharsozlik va hududlarni obodonlashtirish, «aqlli shahar» konsepsiyasi asosida uy-joy kommunal sohasida AKTdan foydalanish, favqulodda vaziyatlarni boshqarish, bulutli hisob-kitoblarga asoslangan katta ma’lumotlarni qayta ishlash hamda axborotlarni saqlash kabi sohalardagi innovatsion loyihalar bilan tanishtirildi. Tadbir davomida talabalar hamda mehmonlarga «xavfsiz shahar» konsepsiyasi namoyish etildi.
Ma’lumot uchun: Besh yildan buyon O‘zbekistonda «Kelajak nihollari» («Seeds for The Future») dasturi amalga oshirilmoqda. Shu vaqt ichida TATUning 50 nafar talabasi Xitoyda amaliyot o‘tagan, shuningdek, kompaniyaning Toshkentdagi innovatsion markazi ham samarali faoliyat yuritib kelmoqda.
«Kelajak nihollari» dasturi 2008 yilda «Huawei» kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, dasturning butun faoliyati davomida 108 mamlakatdan 30 000 dan ortiq yoshlar ro‘yxatdan o‘tgan, 4725 nafar talaba Xitoyda amaliyot o‘tagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter