Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xitoy birinchi ochiq sun’iy yo‘ldoshni ishga tushirmoqchi

Xitoy birinchi ochiq sun’iy yo‘ldoshni ishga tushirmoqchi

Foto: «Trud»

Xitoy Fanlar akademiyasi joriy yilning oxirigacha ilk ochiq manbali sun’iy yo‘ldoshni orbitaga chiqarishni rejalashtirmoqda. Bu haqda «Hi-news.ru» nashri xabar bermoqda. «Tianzhi-1» apparati yaqin kelajakda uchirilishi kerak bo‘lgan shunday yo‘ldoshlar guruhining birinchi elementi bo‘ladi.

«Tianzhi-1» sun’iy yo‘ldoshi bunday qurilmalarning kelajakdagi tarmog‘i uchun kosmosga asosiy element sifatida yuboriladi. Bu uning asosiy texnologiyalarini sinab ko‘rish uchun ishlatiladi. Biz har yili bittadan shunday qurilmani ishga tushirishni rejalashtirayapmiz», — deydi Fanlar akademiyasi tadqiqotchisi Zhao Junso.

«Tianzhi-1» bulutli hisoblash platformasi bilan jihozlanadi. Foydali hisoblash tizimi sifatida Xitoyda ishlab chiqarilgan to‘rtta smartfonni ishlatadi. Sun’iy yo‘ldosh bir necha asosiy dasturlash tillari bilan ishlashga qodir.

Junsoning ma’lumotiga ko‘ra, ushbu loyiha bo‘yicha ish 2017-yilda boshlangan. Boshqa sun’iy yo‘ldoshlardan farqli o‘laroq, «Tianzhi-1» alohida vazifalarni bajarish uchun emas, balki turli foydalanuvchilarning ehtiyojlari uchun ko‘p tarmoqli platforma sifatida ishlatilishi mumkin. Qurilmada turli vazifalarni hal qilish uchun zarur bo‘lgan uchinchi avlod dasturiy ta’minotini ishlab chiqish, uni sun’iy yo‘ldosh kompyuteriga yuklab olish va ishlatish mumkin bo‘ladi.

Masalan, ro‘yxatga olingan ekologik tashkilotlar suv sathini orbitadan suratga olish uchun qisqa vaqt ichida sun’iy yo‘ldoshni «ijara»ga olishlari va ularni taqqoslab, dengiz va okeanlarning ifloslanish darajasi bo‘yicha tadqiqot o‘tkazishlari mumkin. Ishlab chiqaruvchilarning fikriga ko‘ra, sun’iy yo‘ldoshning takomillashtirilgan operatsiyalari uni ishlatish samaradorligini sezilarli darajada oshiribgina qolmasdan, balki turli tadqiqotlar xarajatlarini ham kamaytiradi.

«Tianzhi-1»ning yana bir o‘ziga xos xususiyati shundaki, u turli foydalanuvchilar tomonidan to‘plangan ma’lumotni Yerga yuborishdan oldin ularni qayta ishlash imkoniga ega bo‘ladi. Bunga qo‘shimcha ravishda, qurilma avtonom rejimda ishlaydi, bu esa yerdagi boshqaruv markaziga tushadigan yuklamani kamaytiradi.

Xitoy Fanlar akademiyasining takidlashicha, hozirgi paytda «Tianzhi-2» va «Tianzhi-3» qurilmalarini rivojlantirish davom etmoqda. Kelajakda bu ochiq sun’iy yo‘ldosh tarmog‘idan «Sputnix» deb nomlangan yagona birlashgan intellektual orbital tizimni yaratish rejalashtirilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring