Xalqaro pochta va kurerlik jo‘natmalari haqida bojxona organlarini majburiy xabardor etish tartibi belgilandi

O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududiga jismoniy shaxslar nomiga xalqaro pochta va kurerlik jo‘natmalari orqali kelayotgan tovarlar nazoratini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» kanali xabar berdi.
Qarorga muvofiq pochta aloqasi operatorlari va provayderlari tomonidan davlat bojxona xizmati organlarini jismoniy shaxslar nomiga xalqaro kurerlik jo‘natmalari orqali kelayotgan tovarlar haqida majburiy ravishda xabardor etish tartibi joriy etildi.
Shu munosabat bilan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga bir oy muddatda xalqaro kurerlik jo‘natmalari orqali kelayotgan tovarlar haqida davlat bojxona xizmati organlariga oldindan elektron tarzda xabar berish tizimini joriy etish vazifasi yuklandi.
Bundan tashqari qaror bilan pochta aloqasi operatori va provayderlari tomonidan xalqaro kurerlik jo‘natmalari orqali jismoniy shaxslar nomiga kelayotgan tovarlar to‘g‘risida oldindan elektron tarzda xabar berishda davlat bojxona xizmati organlariga taqdim etiladigan ma’lumotlar ro‘yxati tasdiqlandi.
Xalqaro pochta va kurerlik jo‘natmalari orqali yuridik shaxslar nomiga kelayotgan qiymati 100 (yuz) AQSh dollariga teng bo‘lgan tovarlardan bojxona to‘lovlari undirilmaydi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter