Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Uzmobile»: mobil aloqa xizmatlari narxi oshirilmaydi

«Uzmobile»: mobil aloqa xizmatlari narxi oshirilmaydi

«Uzmobile»ning abonentlar bazasi 1,5 mln.dan ortiq abonentni tashkil etadi.

Foto: «Xabar.uz»

Avval xabar berganimizdek, «Bilayn» kompaniyasi 2018-yil 1-fevraldan tarif rejalarining kunlik abonent to‘lovi oshirilishi, «UMS» va «Uzmobile» vakillari esa narxlar o‘zgarishsiz qolishi haqida ma’lum qilishgan edi.

«O‘zbektelekom» AKning «Uzmobile» filiali ko‘tarilgan ushbu mavzu yuzasidan hamda o‘tgan 2017-yilda erishilgan natijalar va istiqbolli loyihalar bo‘yicha batafsil ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, «Uzmobile»ning ikki aloqa standarti bo‘yicha abonentlar bazasi 1,5 mln.dan ortiq abonentni tashkil etadi.

«Uzmobile»  GSM tarmog‘ida 2G/3G va 4G texnologiyalarini joriy etgan holda qurish va kengaytirish ishlari uzluksiz olib borilmoqda. Hozir 4G tarmog‘iga respublikamizning barcha viloyat va tumanlarida ulanish mumkin.

«Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» davlat dasturi doirasida «Uzmobile» birinchilardan bo‘lib «Xalq bilan muloqot» xizmatini taqdim etdi. Mazkur servis evaziga GSM tarmog‘i abonentlari davlat veb-saytlariga bepul ulanish imkoniga ega bo‘ldilar.

Viloyatlar va tuman markazlarida salohiyatli abonentlar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Ishtirokchilarning takliflari bo‘yicha iste’molchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash hamda milliy operatorning barcha ishlari samaradorligini oshirishga yo‘naltirilgan qator loyihalar amalga oshirildi.

Yosh avlodni qo‘llab-quvvatlash, ularga keng imkoniyatlar berish maqsadida «Uzmobile» tomonidan «Yoshlar» tarif rejasi joriy etilgan. Undan mamlakatimizning barcha hududlarida arzon va sifatli aloqani tanlagan yuzlab yoshlar foydalanib kelmoqda.

O‘tgan yili Toshkent axborot texnologiyalari kasb-hunar kolleji bazasida ijtimoiy AT-dasturlar taqdimoti bo‘lib o‘tdi. O‘quvchilar tayyorgarligining to‘liq siklini nazorat qilish tizimini yaratish maqsadida «Smart Education», «Educard», «Muloqot.tv» va «Gap» kabi loyihalar e’lon qilindi.

Aloqa sohasi mutaxassislari o‘rtasida sodiqlik va korporativlik ruhini oshirish doirasida «Uzmobile» GSM tarmog‘ida yangi maxsus tarif rejasi ishlab chiqildi. Bu O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tizimiga kiruvchi 40 dan ortiq korxona xodimlariga yanada qulay shartlar bo‘yicha muloqot qilish imkonini yaratdi.

«O‘zbektelekom» AKning «Uzmobile» filiali – O‘zbekiston milliy mobil aloqa operatori hisoblanadi. Kompaniya ma’lumotida ta’kidlanishicha, uning asosiy ijtimoiy faoliyati abonentlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jumladan, aholining barcha toifalari uchun tarif rejalari ishlab chiqish va joriy etishdan iborat. Shundan kelib chiqib, milliy operator har bir abonentga g‘amxo‘rlik va sodiqlik bilan yondashgan holda GSM va CDMA standartlaridagi barcha tarif rejalarida abonent to‘lovi o‘zgarishsiz qoldirilishini ma’lum qildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring