Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ularning orasida siz ham bo‘lishingiz mumkin — «Clearview AI» hammani kuzatmoqchi

Ularning orasida siz ham bo‘lishingiz mumkin — «Clearview AI» hammani kuzatmoqchi

Foto: «The New York Times»

Yuzni tanish tizimi bilan shug‘ullanuvchi «Clearview AI» (AQSh) kompaniyasi o‘z sarmoyadorlariga bir yil ichida bazasidagi insonlarning yuzlari aks ettirilgan fotolar soni 100 milliardga yetishini ma’lum qildi. Shu tariqa «dunyodagi har bir shaxsni aniqlash mumkin», deb yozdi «The Washington Post».

Qo‘pol hisoblanganda, Yerdagi har bir odamga 14 tadan fotosurat to‘g‘ri keladi. Ana shu suratlarni «Clearview AI» dunyodagi huquq va huqumat organlariga kuzatish maqsadlarida taqdim etmoqchi. Albatta, tekinga emas.

Ko‘pchiligimiz tinmay internet orqali ulashayotgan o‘zimiz va yaqinlarimizning fotolari kimlargadir tayyor xo‘rak. Masalan, «Clearview AI» fotolarni asosan ijtimoiy tarmoqlar va veb-saytlardan olib to‘playdi. Hech qanday ruxsatsiz!

«Clearview AI»ning tashabbusi, turgan gapki, dunyoning yirik IT-gigantlarini tashvishga solib qo‘ydi. Facebook, Google, Twitter va YouTube zudlik bilan fotolarni beruxsat yig‘ishni bas qilishni, to‘plangan foto-kontentni o‘chirib tashlashni talab qilishdi. «Clearview AI» o‘z faoliyati qonuniyligini AQSh konstitutsiyasiga kiritilgan Birinchi tuzatishga asoslanib himoya qilmoqda.

Aytilishicha, kompaniya ustidan sudga shikoyatlar ko‘paygan: masalan, Kaliforniya, Illinoys, Nyu-York, Vermont va Virjiniya shtatlarida. Nyu-Jersi bosh prokurori politsiyaga «Clearview AI» texnologiyasidan foydalanishni man qildi.

Shvetsiyada shu texnologiyadan foydalangan politsiya boshqarmasi o‘tgan yili jarimaga tortilgandi.

Qolaversa, kompaniya Kanada, Shvetsiya va Buyuk Britaniyada jamoaviy, Fransiya, Gretsiya, Italiya va Buyuk Britaniyada jamoatchilik da’volariga uchradi.

Biroq hammayoqda ham demokratiya emas.

Ta’kidlanishicha, kompaniya faoliyat boshlaganidan buyon mijozlari safi anchagina kengaygan — AQShning huquqni muhofaza qilish organlari, Milliy xavfsizlik vazirligi, FQB va Pentagon. Bular bilganlarimiz...

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring