Tvitter imkoniyatlaridan biznes yo‘lida qanday foydalanish mumkin?
Ijtimoiy tarmoqlar orasida Tvitterning o‘z o‘rni bor. Mahalliy kompaniyalar orasida undan o‘rinli foydalanib mijozlari va xaridorlari safini kengaytirib borayotganlar ko‘p. Savdo hajmini oshirish maqsadida Tvitterni qanday qo‘llash kerak, obunachilar sonini oshirish sirlari nimada, retvitlar ko‘payishi uchun nimalar qilish kerak, umuman Tvitter yordamida savdo-sotiq qilish mumkinmi? «Norma.uz» nashri muxbiri shu kabi savollarga javob topishga urinib ko‘rdi.
Tadbirkorga Tvitter kerakmi?
Tvitterga murojaat etmasdan ham tadbirkorlik faoliyatini muvaffaqiyatli olib borish mumkin, albatta. Ammo hozirda u internet-marketing sohasida muhim funksiyalarni bajarmoqda: doimiy mijozlarni izlab topish, saytga kiruvchilar sonini oshirish, keng ommaga mashhur bo‘lmagan yangi brendlarni taqdim etish va foydalanuvchilar bilan doimiy muloqotni davom ettirishga yordam beradi.
Aynan sizning tadbirkorlik faoliyatingiz uchun Tvitter-akkauntni yuritish kerakmi? Bu savolga aniq javob topish uchun quyidagi 3 ta savolni o‘zingizga berib ko‘rishingiz zarur:
- Maqsadli auditoriyangizda «Twitter»dan foydalanuvchilar ko‘pchilikni tashkil etadimi?
- Tvitter-akkaunt yuritishdan ko‘zlagan maqsadingiz nima, unda qanday ma’lumotlarni berib bormoqchisiz?
- Raqobatchilaringiz Tvitterdan foydalanishadimi, ular bu borada qanchalik muvaffaqiyatga erishgan yoki erishmoqda?
Tvitter – bu «sizni o‘qiyotganlar» bilan 280 ta belgidan ko‘p bo‘lmagan qisqa xabarlar almashinuvini taqdim etuvchi tizim.
Profilni to‘g‘ri to‘ldirish
Tvitter dasturini Instagram singari kompyuterda ham, mobil telefonda ham o‘rnatish mumkin (uni yuklab olish va o‘rnatish tartibi Instagramniki bilan bir xil).
Biznes profilning asosiy maqsadi — kelgusida mijozingizga aylanishi mumkin bo‘lgan odamlarning e’tiboriga tushish. Shu bois quyidagilar akkauntda aks etishi kerak:
- kompaniya logotipi yoki surati;
- oddiy va oson yodda qoladigan nom (nik);
- joylashgan joyingiz;
- rasmiy saytingizga havola;
- kompaniya haqida lo‘nda ma’lumot (Ushbu ma’lumot 160 belgidan oshmasligi kerakligini yodda saqlagan holda Tvitterning ichki qidiruvida sizni topish oson bo‘lgan so‘zlardan foydalanishga harakat qiling. Bu yerda «Biz – eng zo‘rmiz» qabilidagi jumlalardan foydalanmagan ma’qul. Haqiqatan ham zo‘r bo‘lsangiz, iste’molchining o‘zi buni tushunib oladi. Aks holda o‘zini o‘zi maqtash foydalanuvchilarni faqat o‘zidan qochiradi. Ikki og‘iz so‘zda nega aynan sizni tanlash kerakligini aytib o‘tish yetarli).
Yangi o‘quvchilarni qanday jalb qilish mumkin?
Bu oddiy foydalanuvchilar va tadbirkorlar orasida eng ko‘p beriladigan savollardan biri. Unda quyidagilarga alohida e’tibor qaratishni tavsiya etamiz:
- o‘z sahifangizda boshqalarda ham bo‘lishish istagini tug‘diradigan tvitlarni e’lon qilishga intilish zarur;
- o‘z sohangizga oid bo‘lgan asosiy so‘zlardan foydalanishga harakat qiling;
- lo‘nda, tez esda qoladigan va har bir odamga tushunarli bo‘lgan xeshteglarni qo‘yishga intiling, shunda foydalanuvchilarning o‘zi Sizni qo‘llab-quvvatlashadi;
- firmangizni topish uchun osonlik tug‘diradigan xeshteglardan muntazam foydalaning;
- mijozingizga aylanishi mumkin bo‘lganlar va raqobatchilarni «o‘qing». Faol bo‘ling va ko‘p muloqot qiling.
Bir kunda qancha tvit yozish kerak?
Aslida qancha tvit yozish Siz oldingizga qo‘ygan maqsadlar va mavzuga bog‘liq. Ammo mutaxassislar bir kunda ko‘pi bilan 5 ta tvit yozishni maslahat berishadi. Chunki foydalanuvchilarning aksariyati Tvitterning mobil versiyasidan foydalanishadi va o‘rtacha hisobda saytga kuniga 5 marotaba kirishadi.
Foydali ma’lumot: tvitlarni iloji boricha ko‘proq yozishga urinish – yaxshi fikr emas. Aksincha, ularning muntazamligini ta’minlash zarur. Haftasiga bir marta bir yo‘la 20 ta tvit yozib, lentani to‘ldirgandan ko‘ra, har kuni bir juft tvit yozish Sizga xayrixohlar safi kengayishiga ko‘proq yordam beradi. Shunda foydalanuvchilar o‘z ishingizga jiddiy yondashishingizni va Sizga ishonish mumkinligiga amin bo‘lishadi.
Tvitterni boshqa ijtimoiy tarmoqlar bilan birlashtirish kerakmi?
Yaxshisi, bunday qilmagan ma’qul. To‘g‘ri, barcha ijtimoiy tarmoqlarda avtomatik ravishda bitta post yozish vaqtingizni iqtisod qiladi. Ammo Tvitterning o‘ziga xosliklari haqida unutmaslik kerak (tvitda harflar sonining cheklanganligi, foydalanuvchilarni belgilashda «@» ramzidan foydalanishili va hokazo).
Foydali ma’lumot: Tvitter-akkauntga qo‘yilgan suratda yoki ma’lumotlar bo‘limida boshqa ijtimoiy tarmoqlardagi manzillarni ko‘rsatib o‘tsa bo‘ladi.
Folloverlarga javoban siz ham yozilishingiz joizmi?
Albatta, kerak. Yangi folloverlarning profillarigi kirib, ular sizga foyda keltirish-keltirmasligiga aniqlik kiritib olsa ham bo‘ladi. Masalan, avtomatik boshqariladigan «bot»larga yozilishdan foyda yo‘q. Agar akkaunt «tirik» bo‘lsa, unga yozilish zarar qilmaydi. Qolaversa, istagan vaqtingiz «o‘qiyotgan» folloverlaringizni «o‘qimay» qo‘yishingiz mumkin.
Tvitterning o‘zini 62 million nafardan ortiq odam o‘qiydi.
Xeeshteglar nimaga kerak?
Xeshteglar, ya’ni “#” belgisidan keyin yozilgan alohida so‘zlar yoki uzilmasdan yozilgan jumlalar umumiy mavzu ostida birlashgan foydalanuvchilarni oson topish imkonini beradi.
Retvitlar sonini ko‘paytirish usullari
Retvitlarning ortib borishi — Tvitterdagi biznes-akkauntingizning muvaffaqiyatidan darak beruvchi muhim ko‘rsatkichlardan biri. Chunki har bir retvitdan keyin siz haqingizda yangidan-yangi folloverlar bilib olishadi. Ko‘proq retvitlarga erishish uchun quyidagilar amal qilish joiz:
- auditoriyangiz uchun qiziqarli bo‘lgan ma’lumotlarnigina e’lon qiling;
- rasmiy saytingizda «retvit» tugmasini o‘rnating;
- xeshteglar va foydalanuvchilarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri belgilang;
- agar ma’lumot tez tarqalishini istasangiz, foydalanuvchilardan retvitlashni iltimos qilish ham mumkin;
- o‘zingiz ham retvit qilib qo‘ying;
- tvitlarga mavzuga oid qiziq suratlar yoki videolar ilova qiling.
Javoblarmi yoki shaxsiy xabarlar?
Javoblarni barcha foydalanuvchilar ko‘rishi mumkin, shaxsiy xabarlarni esa yo‘llangan odamdan boshqasi ko‘ra olmaydi. Agar boshqa foydalanuvchilar ham ko‘rishini va suhbatga qo‘shilishinii istasangiz, javoblarni tanlagan ma’qul.
Ko‘p yo‘l qo‘yiladigan xatolar
Ora-orada tvitlar orqali mahsulotingiz sifatlarini maqtash yoddan chiqmasin, u bilan bog‘liq yangi ma’lumotlarni berib boring. Sayt yoki boshqa ijtimoiy tarmoqlarga va boshqa resurslarga havolalarni shunchaki berib borish mavjud folloverlarning ham hafsalasini pir qilishi tayin. Bunday xatoga yo‘l qo‘ymaslikka intiling.
Tvitterdan foydalanadigan tadbirkorlar yo‘l qo‘yadigan yana bir xato – ommabop mavzularning ketidan quvish, «trend» bo‘lgan xeshteglardan foydalanish va duch kelgan tvitlarga izoh qoldiraverish. Masalan, sevimli film premerasi haqidagi ma’lumotlarni izlayotgan odam Sizning mahsulotingiz haqidagi tvitni kamida chetlab o‘tadi. Jahli chiqsa, spamer deya kompaniyaga ustingizdan arz qiladi. Mijozlaringizdan ayrilib qolishni istamasangiz, Tvitter makonida xiralik qilmaslikka harakat qilishingizga to‘g‘ri keladi.
Ammo xatolarning eng asosiysi — bu mijozlar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar bo‘yicha bergan savollariga kompaniya vakillari tomonidan javob qaytarilmasligi. Buni unutmang.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter