Toshkentda elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot bo‘yicha o‘zbek-koreys markazi ochiladi
Joriy yilning yil 12 aprel kuni Koreya Respublikasining Axborot jamiyati masalalari bo‘yicha milliy agentligi prezidenti janob Yeng Sik Mun boshchiligidagi delegatsiya rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligida Koreya Respublikasi delegatsiyasining Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markazi vakillari bilan uchrashuv tashkil etildi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar bermoqda.
Uchrashuv davomida tomonlar Toshkentda may oyida rejalashtirilgan elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot sohasidagi hamkorlik bo‘yicha o‘zbek-koreys markazini ochish, Agentlik mutaxasislari uchun qisqa va uzoq muddatli o‘quv kurslarini tashkil etish, O‘zbekiston Respublikasida elektron hukumatni rivojlantirish Konsepsiyasini ishlab chiqish uchun Koreya mutaxassislarini jalb qilish hamda ma’lumotlarni qayta ishlash yagona markazini tashkil etishda o‘zaro ko‘maklashish masalalarini muhokama etdilar.
Shu bilan birga, tomonlar Toshkent shahrida o‘zbek-koreys markazining ochilishiga oid masalalarni muvofiqlashtirish uchun Ishchi guruh tashkil etish to‘g‘risida qo‘shma qaror qabul qildilar.
Muhokamalar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markazi va Koreya Respublikasining Axborot jamiyati masalalari bo‘yicha milliy agentligi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning mart oyida Koreya Respublikasining Davlat boshqaruvi va xavfsizligi vaziri o‘rinbosari janob Yun Djong In boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekiston Respublikasiga amalga oshirilgan rasmiy tashrifi davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi va Koreya Respublikasi Davlat boshqaruvi va xavfsizligi vazirligi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandum imzolangan edi.
Memorandumning ustuvor yo‘nalishlari sifatida yangi axborot texnologiyalarini joriy etishda hamkorlik qilish, o‘quv dasturlarini tashkil etish, elektron hukumat sohasida tajriba almashish, qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish hamda O‘zbekistonda yagona ma’lumotlar markazini tashkil etishda ko‘maklashish belgilangan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter