Toshkent teleminorasiga tashrif buyuruvchilarga qulaylik hozirlandi
O‘zbekistonda eng baland inshoot bo‘lgan Toshkent teleminorasi muhim va murakkab, shuning barobarida hammaning diqqat markazida bo‘lgan strategik ob’yekt hisoblanadi. Teleminora o‘z faoliyatini 1985-yilning 15-yanvaridan boshlagan.
Teleminoraning asosiy faoliyati radiotelevizion dasturlarini ommaga uzatish, shuningdek, yurtdoshlarimiz va mehmonlarga Toshkent manzarasini balandlikdan tomosha qilish uchun ekskursiya hamda minoraning 105 va 110 metr balandligida joylashgan «Koinot» restorani xizmatlarini ko‘rsatishdan iborat.
Bugungi kunda Toshkent teleminorasi nafaqat texnik inshoot, balki poytaxt ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turgan noyob arxitektura durdonasidir. Teleminora doimo sayyohlar bilan gavjum. Butun mamlakatimizga ko‘zgudek nur taratib turgan bu ulug‘ dargohni tele va radio kanallarning yuragi deb atash mumkin.
Balandligi 375 metrlik mazkur hashamatli teleminora poytaxtimizning markazida qad rostlagan. Teleminoraga tashrif buyurgan sayyoh, albatta, bu muhtasham inshoot bilan yaqindan tanishish, 100 metr balandlikdagi kuzatuv zalidan turib, poytaxtning diqqatga sazovor manzaralarini ko‘rishni orzu qilishi tabiiy.
Bo‘zsuv kanalining o‘ng qirg‘og‘ida, ko‘kka bo‘y cho‘zib turgan Markaziy Osiyoda yagona hisoblangan ushbu nodir inshootning o‘ziga yarasha tarixi bor.
Yurtimizda 1950-1970-yillarda teleko‘rsatuvlarni poytaxtimiz va Toshkent viloyatining uzoq tog‘li tumanlariga yetkazib beradigan baland minorali telemarkazga ehtiyoj tug‘ildi. Uni qurish uchun esa 1971-yilning sentyabridan O‘zbekiston aloqa vazirligi tasarrufida «Toshkent radiotelevizon uzatish markazi-qurilish direksiyasi» tashkil qilindi. Bir necha yil davomida loyiha ustida izlanishlar olib borildi.
Teleminora qurilishi uchun Bo‘zsuv kanalining chekka qirg‘og‘idan olti gektar yer ajratilgan bo‘lib, 1978-yilning aprel oyida qurilish ishlari boshlanib ketdi. Bunyodkorlik ishlariga yuqori saviyali, katta tajribaga ega ishchi va montajchilar taklif qilindi. Germaniyadan keltirilgan po‘lat qurilmalar shahrimizda qayta ishlandi.
Har qanday inshootning mustahkamligi uning poydevoriga bog‘liq. Teleminoraning to‘rt tayanchi va unga tutashgan uchta oyoqlari 11 metrlik chuqurlikdan ko‘tarilib chiqilgan, bir-biri bilan bog‘lanmagan temir-beton asoslariga tayangan bo‘lib, muvozanatini o‘ta yuqori darajada ushlab turishga qodir klassik tizim yaratilgan.
Teleminoradagi qurilish ishlari Toshkent «11-Balandqurilish» boshqarmasi quruvchilari tomonidan amalga oshirilgan.
Minora qurilishida 25 tonna yukni 240 metr balandlikka ko‘tarish qobiliyatiga ega bo‘lgan maxsus kran yordamidan foydalanilgan. Teleminora poydevoriga 11 ming kubometr beton va ming tonna armatura aralashmasini tashkil etib, 4 oy davomida bitkazilgan.
1984 yilda esa, teleminoradan foydalanadigan tashkilot Toshkent radiotelevizon uzatish markazi tashkil etilib, xodimlar qabul qilindi. 1985 yilning 15 yanvaridan teleminora rasmiy ravishda ishga tushirildi. O‘sha sana yurtimiz hayotida eng quvonchli kunlardan hisoblanib, zarhal harflar bilan tarix sahifalariga yozib qo‘yildi va tantanali ravishda nishonlandi.
Toshkent teleminorasi dastlab 350 metr balandlikda qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, respublikaning o‘sha davrdagi rahbariyati sa’y-harakatlari natijasida, minora qurilish jarayonida uning balandiligiga o‘zgartirish kiritilib, balandligi 375 metrga yetkazilgan. Teleminoraning foydalanishga topshirilganligiga 36 yil to‘lgan bo‘lsa-da, u o‘zining jozibasi va mustahkamligini yo‘qotmay kelmoqda.
Ko‘p o‘tmay, Toshkent teleminorasi Ostankino va Eyfel minoralari taqdimi bilan Butunjahon buyuk minoralar jamiyati (BBMJ) da o‘z o‘rnini egalladi. Bu esa, ma’naviy va amaliy ahamiyat kasb etib, bizga dunyo miqyosida qurilgan va o‘rnatilgan minoralar va ularning faoliyati haqida boxabar bo‘lish hamda yurtimizni tanitish imkonini berdi.
So‘ngi yillarda Toshkent teleminorasi turizm salohiyatini rivojlantirishga, sayyohlik imkoniyatlarni kengaytirishga katta hissa qo‘shib kelmoqda.
Bugungi kunda Toshkent teleminorasiga kirishda tashrif buyuruvchilarga qulaylik yaratish maqsadida QR kodli tizim qurilmalari (ARM kassa qurilmasi, besh xil kategoriyadagi QR kodli chiptalarni chop etish qurilmasi va avtomatik tarzda hisobga olish qurilmasi) o‘rnatildi va ishga tushirildi.
Shuningdek, teleminoraning rasmiy veb sayti (tv-tower.uz) orqali kirish chiptalarini internet tarmog‘i orqali xarid qilish imkoniyati yaratilgan. Ushbu ishlarni davom ettirgan holda Payme tizimi orqali ham QR rasmga olgan holda chiptalarga to‘lovni amalga oshirish imkoniyatlarini yaratildi.
2021 yilda Toshkent teleminorasida «Virtual voqeiylik», «Audio GID» axborot tizimlarini xizmat turlarini yaratish va Toshkent teleminorasi rasmiy veb-saytining yangilash ishlari amalga oshiriladi.
Toshkent teleminorasi o‘ziga xos takrorlanmas noyob arxitektura inshootidan yaqinroq tanishish istagi bor yurtdoshlarimiz va xorijiy mehmonlarimizga «Toshkent teleminorasi Sizni kutmoqda» deb qolamiz, deyiladi «Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi» DUK axborot xizmati xabarida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter