TATU o‘qituvchilariga yagona portal haqida ma’lumot berildi
Bugun, 29-dekabr kuni Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti binosida UZINFOCOM yagona integratori vakillari hamda TATU o‘qituvchi va talabalari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda universitet moliya-xo‘jalik ishlari bo‘yicha prorektori Fayzulla Orifjonovning qayd etishicha, ko‘plab o‘qituvchilar va rahbarlar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) ishini chuqur o‘rganishdan manfaatdor. Bunday treninglarni o‘tkazish orqali o‘qituvchilarning o‘zlari kelajakda talabalarga interaktiv xizmatlarning mazmun-mohiyatini tushuntirib berishlari va shu orqali jamiyatimizning keng qatlamlariga xizmat ko‘rsatish qamrovini kengaytirishga hissa qo‘shishlari mumkin bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Hukumat portalini axborot bilan ta’minlash va rivojlantirish guruhi boshlig‘i – Rashid Xudaybergenov o‘z chiqishida tadbirning asosiy vazifasi universitet professor-o‘qituvchilari va boshqaruv xodimlarining yagona portal bilan ishlash jarayonida paydo bo‘ladigan dolzarb savollarga javob berish ekanligini ta’kidladi.
UZINFOCOM axborot tizimlari va xizmatlarini rivojlantirish sho‘’basi boshlig‘i Afzal Sagdullayev yagona portal faoliyatidagi yangiliklar, qiziqarli tafsilotlar, uning yaratilish tarixi haqida so‘zlab berdi.
Shuningdek, u ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob berarkan, loyihaning umumiy tavsifini berdi, zarur hujjatlarni yagona portaldan qanday qilib olish mumkinligini misollar orqali ko‘rsatdi.
Yagona portal orqali bugun uch yuzdan ortiq elektron davlat xizmatlaridan foydalanish imkoni bor.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter