Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Talabalarni yotoqxonaga joylashtirish onlayn bo‘ladi

Talabalarni yotoqxonaga joylashtirish onlayn bo‘ladi

Bu yil 1-kurs talabalari, keyingi yildan boshlab barcha kursdagilar yotoqxonaga my.gov.uz portali orqali bepul ariza berish yo‘li bilan joylashadi.

Vazirlar Mahkamasining «Oliy ta’lim muassasalari talabalarini turar-joy bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 376-son (14.08.2023 y) qarori qabul qilindi. Qaror bilan davlat OTMlari talabalarini turar joyga joylashtirish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.

Unga ko‘ra 2023/2024-o‘quv yilida:

— 1-kurs talabalari uchun davlat OTMlarining talabalar turar joyiga joylashish davlat xizmati markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali bepul tarzda elektron ariza berish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Hozirda xizmatni ishga tushirish bo‘yicha ishlar boshlangan.

Bunda talabalar bilan tuziladigan turar joy ijara shartnomalari davlat soliq xizmati organlarida soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali masofadan turib biometrik identifikatsiyalash (Face-ID) texnologiyasi orqali onlayn hisobga qo‘yiladi.

— Yuqori kurs talabalarini turar joyga joylashtirish an’anaviy tarzda amalga oshiriladi. Bunda talabalar turar joyiga joylashish uchun ariza OTM yotoqxonalariga joylashtirish komissiyasiga topshiriladi.

2024/2025-o‘quv yilidan boshlab barcha kurs talabalari uchun davlat OTMlarining talabalar turar joyiga joylashish faqat davlat xizmati markazlari yoki my.gov.uz orqali elektron ariza berish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Talabalar turar joyiga joylashish uchun ariza berish 1 avgustdan boshlab o‘quv yili yakuniga qadar davom etadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring