Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Talabalar hali O‘zbekistonda joriy etilmagan innovatsiyaga qo‘l urishdi

Talabalar hali O‘zbekistonda joriy etilmagan innovatsiyaga qo‘l urishdi

Foto: «Inha.uz»

Toshkent shahridagi Inha universiteti (IUT)ning bir guruh talabalari «Uchuvchisiz texnologiyalar» kompaniyasida mehnat qilib, yerni tahlil qilish va prognozlash tizimi modulini ishlab chiqish ustida ishlamoqdalar, deb xabar berdi universitet matbuot xizmati.

Uchuvchisiz tizimlarni ekspluatatsiyasi bo‘yicha «Uchuvchisiz texnologiyalar» kompaniyasi 2017 yilning oxirida «O‘zbekoziqovqatxolding» XK qoshida tashkil etilgan.

Kompaniya «Ptero G1» (Rossiya) ning uchuvchisiz aviatsiya tizimlarini qishloq xo‘jaligi ekinlari o‘lchami va ularning rivojlanish monitoringini olib borish uchun ekspluatatsiya qiladi. Bu esa o‘z vaqtida kartografik materiallarni yangilash va agrotexnik tadbirlardagi kamchiliklarni bartaraf etish imkonini beradi.

UUA (uchuvchisiz uchish apparatlari) orqali fotosuratga olish qishloq xo‘jaligi yer maydonini tez va to‘g‘ri baholash imkonini beradi. Doimiy monitoring esa hosilning sifatini nazorat qilish va ekinlardagi o‘g‘irlik holati va hosilning zararlanishini baholash imkonini beradi. Bu ma’lumotlarning barchasi zudlik bilan ekin holatidagi o‘zgarishga javob berish, o‘z vaqtida qaror qabul qilish va natijada – yerdan foydalanish samaradorligini oshirishga yordam beradi.

Foto: «Inha.uz»

Toshkent shahridagi Inha universiteti talabalari Shirin Axmedxodjayeva, Humoyun Aminaddinov (2-bosqich talabalari), Dilmurod Madrahimov (3-bosqich talabasi) va Yunus Sa’dullayev (1-bosqich talabasi) «Ptero G1»UUA yordamida yaratilgan fotosuratlar asosida yer maydoni holatini tahlil qilish va prognozlash tizimi modulini yaratishdi.

Dasturiy ta’minot bir spektral tahlilni amalga oshirish va o‘simliklarning indeksi NDVI (Normalized Difference Vegetation Index)ni hisoblab chiqish imkonini beradi.

Talabalar mintaqamizning o‘ziga xosligini inobatga olgan holda juda istiqbolli yo‘nalishni tanlashdi. Shunisi quvonarliki, ular o‘zlarining axborot texnologiyalari sohasidagi bilimlarini ko‘ngilochar narsalarga emas, balki O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirishga yo‘naltirishdi. Ta’kidlash joizki, ular tomonidan amalga oshirilgan hamda amalga oshirilayotgan ishlar innovatsion bo‘lib, hali O‘zbekistonda hech kim tomonidan joriy etilmagan.

Shavkat Qodirov, «Uchuvchisiz texnologiyalar» kompaniyasi direktori

— Multispektral tasvirlar yordamida «RedEdge Micasense» kamerasidan foydalangan holda biz maydonning NDVI xaritasini yaratamiz, — deydi Humoyun Aminaddinov. — Keyin algoritm zaif/nochor (suv taqchil yoki juda ko‘p bo‘lgan) joylarni aniqlab, o‘sish samaradorligini oshirish uchun zarur chora-tadbirlar qabul qilishga yordam beradi».  

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring