Sportchilar trendda, qo‘shiqchilar trendda. Tadbirkorlar-chi?
Katta hayotga qadam qo‘yayotgan yoshlarning deyarli barchasini «muvaffaqiyatga erishish uchun nima qilish kerak?» degan savol qiynaydi. Nafaqat yoshlar, hatto kattalarni ham.
— Vaqtini behuda o‘tkazadigan yoshlar ko‘p. Ammo xorijlik tengdoshlari bilan raqobatlashib, katta yutuqlarga erishib kelayotgan o‘zbekistonlik yigit-qizlar ham talaygina, — degan edi intervyularining birida Aziz Murtazoyev. — Kim bilsin, balki ularning muvaffaqiyatga qanday erishgani OAVda ko‘proq yoritilsa, vaqtining qadriga yetmayotgan yoshlarda kerakli motivatsiya paydo bo‘larmidi?..
Aziz Murtazoyev o‘zi kim degan savol paydo bo‘lishi mumkin ko‘pchilikda. Azizbek «Facebook» kompaniyasida ishlayotgan oddiy qoraqalpoq yigiti. Barcha kabi oddiy maktabda umumta’lim fanlarini o‘rgangan. So‘ng O‘zbekiston milliy universitetida o‘qigan. Uning muvaffaqiyati siri ham oddiy – Aziz mustaqil bilim olish imkoniyatlaridan, axborot texnologiyalaridan oqilona foydalana olgan. Albatta, aniq fanlarni yaxshi bilishi, texnologiyalarini tushunishi va xorijiy tilda erkin muloqot qilishi unga bu yo‘lni osonlashtirgan. Lekin barchasiga u o‘z kuchi, intilishi bilan erishgan. Keyinchalik xorijdagi ta’lim ham, «Samsung», «Amazon», «Facebook» kabi dunyoning yirik kompaniyalari unga ish taklif qilishi ham shu intilishlari, vaqt va imkoniyatdan unumli foydalanib, o‘z bilimlarini mustaqil ravishda rivojlantirgani mahsuli. Boshqa sir yo‘q bu yerda.
Aziz kabi dunyo sahnalarida muvaffaqiyatga erishayotgan yoshlarimiz ko‘p. Yurtimizda o‘z loyihalarini amalga oshirayotgan va buning ortidan o‘nlab, yuzlab tengqurlarini ish bilan ta’minlayotgan tadbirkor yoshlar ham bisyor. Shunchaki, ular trendda emas.
O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi mamlakatimizning faol yoshlari bilan birgalikda kam ta’minlangan oilalar hamda qiyin sharoitli yoshlarga kompyuter savodxonligini oshirish va ingliz tilini o‘rgatuvchi «O‘zbek orzusi» loyihasini yo‘lga qo‘ygani haqida xabar qilganmiz.
Loyiha maqsadi e’lon qilingach, unda ishtirok etish istagini bildirgan faol yoshlar bilan bir qatorda yurtimizda muvaffaqiyatli ish olib borayotgan tadbirkorlar ham ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlab chiqishdi.
Shu tariqa «O‘zbek orzusi» g‘oyasi bejiz tug‘ilmagani namoyon bo‘la boshladi. Ammo loyiha rahbari Timur Allayarovning aytishicha, hali hammasi oldinda. Hali jiddiy sinovlar ko‘p. Ayniqsa, loyihaning asosi va tayanchi hisoblangan ko‘ngillilarga imkon qadar ko‘proq axborot va bilim berish lozim. Axir aynan ular kelgusida yuzlab yoshlarga saboq berishadi. Aynan ular minglab yoshlarda motivatsiya uyg‘otib, ularning bolalik orzusi va kelgusi muvaffaqiyatlarga ishontirishlari lozim. Chunki o‘z ishiga, kelajagiga motivatsiyasi bo‘lmagan inson muvaffaqiyat qozona olmaydi.
Shu maqsadda ko‘ngillilar uchun har haftada bir marta maxsus treninglar tashkil etilayapti. 2 fevral kuni Toshkent shahridagi Inha universitetida o‘tkazilgan treningda ular omma oldida ma’ruza qilish va notiqlik san’atini rivojlantirish bo‘yicha malaka oshirdilar.
Treningda ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlayotgan yirik tadbirkor va mutaxassislar — «Dekos» kompaniyasi rahbari Hasan Mamasaidov, «Tayniy sovetnik» agentligi mutaxassisi Dilfuza Rasulova, Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlar tayyorlash instituti direktori Aktam Jalilov ishtirok etishdi.
Aktam Jalilov:
— Institutimiz istiqbolli kadrlar tayyorlash barobarida, yoshlarning muammolarini chuqur tahlil qilish bilan ham shug‘ullanadi. O‘rganishlarda ma’lum bo‘layaptiki, yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning asosiy sababi bandlik muammosiga borib taqalmoqda. Kam ta’minlangan oilalar hamda qiyin sharoitli yoshlarga hunar o‘rgatish, ularni muvaffaqiyat sari ruhlantirishga qaratilgan bu loyihaning ahamiyati qay darajada ekani shu birgina faktda ham yaqqol ko‘rinadi.
Dilfuza Rasulova:
— Bu treningda ko‘ngillilar ishtirok etayapti. Aynan sizlar yoshlarga ta’lim berishdek, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishdek o‘ta muhim jarayon boshida turibsiz. Ertaga har xil xarakterga ega yoshlar bilan ishlaysiz, ularning har biriga individual yondashuv talab etiladi. Turli xarakterli yoshlar auditoriyasi bilan muvaffaqiyatli ishlashning eng katta siri nimada, bilasizmi? Bu — to‘g‘riso‘zlik!
Hasan Mamasaidov:
— Haqiqatan sizlarning oldingizda juda katta va mashaqqatli vazifa turibdi: tengdoshlaringizga nafaqat bilim ulashishingiz, balki o‘ziga xos generator sifatida yuzlab, minglab yoshlarni muvaffaqiyat sari ruhlantirishingiz kerak. Bunda avvalo o‘z kuchingizga ishoning, shunda o‘zgalar sizga ishonishadi.
Odatda sportchi va qo‘shiqchilar yoshlarga motivatsiya beruvchi o‘ziga xos generator hisoblanishadi. Endilikda tadbirkorlikni ham trendga olib chiqib, yoshlarga motivatsiya beradigan kuchga aylantirish vaqti keldi. Chunki muvaffaqiyatli tadbirkor nafaqat insonlarni ruhlantiradi, balki ko‘plab ish o‘rinlarini yaratib, jamiyatga real foyda keltiradi ham.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter