Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sovrin jamg‘armasi $100 000 bo‘lgan «mGovAward» tanlovi g‘oliblari aniqlandi

Sovrin jamg‘armasi $100 000 bo‘lgan «mGovAward» tanlovi g‘oliblari aniqlandi

Foto: «IT-Park»

Bugun, 11-noyabr kuni videokonferensiya shaklida O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida «mGovAward» eng yaxshi davlat mobil ilovasini ishlab chiqish bo‘yicha tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi.

Tanlov jarayoni 2019-yil 26-sentyabrda boshlandi. Unda ishtirok etish uchun jami 260ta murojaat kelib tushdi, ulardan 97tasi saralab olindi. Final bosqichida ishtirok etish uchun ta’lim, sog‘liqni saqlash, turizm va biznesni rivojlantirish sohalarida mobil ilovalarni ishlab chiqqan yettita jamoa vakillari tanlab olindi.

Masalan, Sahiya ilovasi imkoniyatlari chegaralangan odamlarga, shuningdek, idrok etish muammolarini hisobga olgan holda (eshitish, ko‘rish va harakat qilish muammolari) yordam berish uchun yaratilgan. Loyiha machine learning (ML) va sun’iy aql bilan ishlaydigan tizimga asoslangan ilova-dasturdan iborat.

Shuningdek, ingliz tilini o‘rganish uchun videodarsliklar va testlarni yuklashga mo‘ljallangan masofaviy ta’lim uchun Roboteach ilovasi ham namoyish etildi. Ilova maktab o‘quvchilari, talabalar va boshqa qiziquvchilar uchun uydan turib til o‘rganish va zarur bo‘lgan o‘quv materiallari va interfaol darslardan foydalanish imkonini beradi.

Musobaqaning yakuniy bosqichida O‘zbekistondagi Muqaddas joylarga tashrif buyuruvchi chet el va mahalliy sayohatchilar uchun Imam Bukhari mobil ilovasi ham o‘rin olgan.

Ilovaning alohida xususiyati shundaki, u shahardagi barcha ziyoratgohlarning manzillarini va ularga borish uchun yo‘nalishni ko‘rsatadi. Ilova shuningdek, eng yaqin mehmonxonalar, oziq-ovqat xizmati nuqtalarining joylashuvini topishga imkon beradi, GPS-navigatsiyasini o‘z ichiga oladi, buning natijasida sayohatchi doimo to‘g‘ri yo‘l topish imkoniga ega bo‘ladi.

Ommaviy ovoz berish natijalariga ko‘ra, g‘olib masofaviy ta’lim uchun Roboteach ilovasini ishlab chiqqan jamoa bo‘ldi. Ikkinchi o‘rin Imam Bukhari mobil ilovasi yaratuvchilariga berildi, uchinchi o‘rin esa imkoniyati cheklangan insonlarga yordam berish uchun Sahiya ilovasini ishlab chiqqan dasturchilarga nasib etdi. Tanlov g‘olib va sovrindorlarining yutuq miqdorlari mos ravishda 50 ming, 30 ming va 20 ming dollarni tashkil etdi.

Eslatib o‘tamiz, «mGovAward» eng yaxshi davlat mobil ilovalarini ishlab chiqish bo‘yicha tanlov O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining muvofiqlashtiruvida IT Park tomonidan O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ko‘magida Birlashgan Arab Amirliklari davlat ishlari vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring