Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«So‘nggi uch yilda mobil internet narxi 9 baravarga arzonlashdi» – Shavkat Mirziyoyev

«So‘nggi uch yilda mobil internet narxi 9 baravarga arzonlashdi» – Shavkat Mirziyoyev

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev «Astrum» akademiyasida IT sohasi vakillari bilan muloqot qilmoqda.

Davlat rahbari so‘nggi uch yilda mobil internet narxi 9 baravarga arzonlashganini qayd etdi.

«Buning hisobiga bugungi kunda IT-parklarda 14 ming nafar yoshlar yuqori daromadli ish joylari bilan ta’minlandi.

Shu bilan birga, o‘zini o‘zi band qilgan IT mutaxassislari soni yil boshidan 2,5 barobarga o‘sib, 43 mingga yetdi.

Joriy yilning o‘zida mamlakatimizda 134 ta yangi, jumladan 50 ta xorijiy IT kompaniyalari tashkil etildi, eksportchi korxonalar soni esa 2 baravarga oshdi.

So‘nggi uch yilda mobil internet narxi 9 baravarga arzonlashdi va xalqaro reytingda 15-o‘ringa ko‘tarildik (68-o‘rindan).

IT xizmatlari hajmi va eksporti bir necha barobarga o‘sdi.

Eng asosiysi, IT kasblarni egallash yoshlar o‘rtasida trendga aylandi», dedi prezident.

Uchrashuv chog‘ida Prezidentimiz e’tiborni kuchaytirib, yoshlarimizga ozgina sharoit yaratib berilsa, bu sohani yanada yuqoriroq pog‘onalarga olib chiqish mumkinligiga ishonch bildirdi.

«Bugungi muloqotimizni o‘tkazish uchun "Astrum" akademiyasini bejizga tanlamadim.

Bu yerda yuzlab yoshlar eng zamonaviy dasturlash ko‘nikmalarini egallayotgani, ayniqsa, o‘qish davomidayoq daromad topayotgani quvonarli albatta.

Boshqa hududlarda ham bunday IT akademiyalar tashkil qilish istagida bo‘lganlarning tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlaymiz, barcha masalalarini hal qilib beramiz», dedi davlatimiz rahbari.

Viloyat hokimlariga bir oy muddatda bu yerga kelib, barcha sharoit va imkoniyatlarni ko‘zi bilan ko‘rib, o‘z hududida kamida 1 tadan shunday IT akademiya tashkil etish loyihasini boshlashga topshiriq berildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring